Avvalroq, prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.
Hujjat bilan, xususiylashtirish sohasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilandi.
Xususan, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlandi.
Bu korxonalar orasida “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zavtosanoat”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom” kabi korxonalar hamda “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank”, “Aloqabank”, “Asaka bank”, “Xalq banki” hamda “Qishloq qurilish bank"lari bor.
To‘liq ro‘yxat bilan bu yerda tanishish mumkin.
Shuningdek, aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxonalar ro‘yxati ham tasdiqlangan.
Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiradi.
Shu bilan birga, ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxati keltirilgan.
Mazkur obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi.
2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.
Avvalroq “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 2023−2025 yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan 31 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonaning ro‘yxati tasdiqlangan.