Xitoy kompaniyalari Jizzaxda quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganadi.
Bu bo‘yicha Energetika vazirligi hamda Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” va “SANY Renewable energy” kompaniyalari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi, deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
Kelishuvga ko‘ra, “China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi investor sifatida, “CNEEC” kompaniyasi bosh pudratchi hamda “SANY Renewable energy” kompaniyasi shamol turbinalarini yetkazib beruvchi sifatida loyihada ishtirok etadi.
Kompaniyalar stansiya qurish bo‘yicha qurilish maydoniga chiqib, o‘rganish ishlarini tez kunlarda boshlashi ta’kidlangan.
Shuningdek, kompaniyalar O‘zbekistonda davlat-hususiy sheriklikchilik asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham o‘rganishlar olib boradi.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shamol elektr stansiya qurilishi bo‘yicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydi.
Mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari $1 mlrd miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi.
Joriy yilning fevral oyida Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqandda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘ldi.
Loyiha doirasida kompaniya tomonidan $2 mlrd yo‘naltirilib, stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, to‘liq quvvatda esa 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Undan keyin mamlakatning “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, “Anxoy Conch Sement” kompaniyasi Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurmoqchi. Loyiha 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unga $200 mln investitsiya kiritish taklifi bildirilgan.
O‘tgan yilning noyabr oyida Buxoro, Namangan hamda Xorazmda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha tanlovga takliflar qabul qilinib, BAAning “Masdar” hamda Xitoyning “GD Power” va “Powerchina” kompaniyalari uchchala loyiha uchun ham taklif bergani haqida xabar berilgandi.
Dekabr oyiga borib, bu bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi hamda Buxoroda BAAning “Masdar” kompaniyasi, Namanganda Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi, Xorazmda esa Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi stansiya qurishi ma’lum qilingandi.
Biroq, Namangandagi quyosh fotoelektr stansiyasi uchun berilgan taklif qayta ko‘rib chiqilishi xabar berildi.
Unga ko‘ra, viloyatdagi loyiha uchun Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi tomonidan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4,828 AQSh sentida yetkazib berish taklifi qimmat hisoblanadi.