Mirobod tumani, Lokomotiv ko‘chasida birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobcha ishga tushirildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun mo‘ljallangan xonani o‘z ichiga oladi.
“Mamlakat bo‘yicha 150 nafardan ortiq tadbirkorga zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalar qurish uchun tegishli yer maydonlari ajratildi”, — deydi Madaniyat va turizm vazirligi bo‘lim boshlig‘i Muhayyo Hayitova.
Qayd etilishicha, mazkur shoxobchaning boshqa shu singari shoxobchalardan afzalligi uning avtomat rejimda ishlashi va sanitar-gigiyenik moslamalar bilan jihozlanganligidir.
Bundan tashqari, unda jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh bolali ota-onalar qulay foydalanishlari uchun ham imkoniyatlar yaratilgan.
Shoxobchani qurishda Xitoy, Belarus, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan keltirilgan texnika vositalaridan foydalanilgan.
“Aholining har bir qatlami uchun qulaylik yaratishga harakat qildik. Shoxobchamiz avtomatlashtirilgan rejimda ishlaydi. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan”, dedi tadbirkor Kamoliddin Danaboyev.
Agar, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi.
Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga o‘xshash narsalarni xarid qilishlari mumkin.
“Nogironligi bo‘lganlar aravachada bemalol harakatlanishi mumkin. Bundan tashqari, favqulotda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan SOS tugmasi bor, ya’ni nogironligi bo‘lgan shaxs agar salomatligida biror muammo yuzaga kelsa, shu tugmachani bosib, yordam chaqirishi mumkin”, — dedi O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.
Madaniyat va turizm vazirligi vakili Nizomjon Islomovning “Gazeta.uz"ga tushuntirishicha, hojatxonaga kirishdan avval naqd pul yoki QR kod orqali 5000 so‘m to‘lovni amalga oshirish kerak bo‘ladi va shundagina eshik ochiladi.
“U inson omilisiz boshqariladi. Ya’ni, foydalanib bo‘lganingizdan so‘ng suvni o‘zi tushiradi, qo‘lingizni yuvish uchun ham biror tugmani bosmaysiz, o‘zi suv tutadi. Qolaversa, bu yerda yuvinish xonasi ham bor, uning narxi 50 ming so‘m”, — dedi vazirlik xodimi.
Avvalroq Toshkent metropolitenida iOSda ishlovchi telefonlar uchun onlayn to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilgandi.