“Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.
1-apreldan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona tartibi joriy qilinadi.
Xususan, prezident qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar barcha mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga tatbiq etiladi.
Tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025 yilgacha bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarga erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va YaTTlarga qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlarini lizingga berishga ruxsat etiladi.
2023−2024 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridini moliyalashtirish uchun jami 2,6 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutilgan:
- banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida lizingga beriladigan texnikalar va sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkin;
- xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan xaridorlarga qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing marjasi yillik 3%dan oshmagan stavkada 10 yilgacha bo‘lgan muddatga Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida lizingga beriladi.
Avvalroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali subsidiya olishlari mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Unda ariza jo‘natish, ko‘rib chiqish holati hamda natijalari qayd etilib boriladi.