“Financial Times” gazetasining yozishicha, 2 mingga yaqin xorijiy kompaniyalar o‘z biznesini sotish va Rossiya bozorini tark etish uchun Moliya vazirligidan ruxsat kutmoqda.
Nashrning qayd etishicha, xorijiy kompaniyalar doimiy ravishda yangi cheklovlarga duch kelishmoqda. Shuningdek, ularning Rossiya budjetiga ixtiyoriy hissa qo‘shishi majburiy holga aylantirilgan.
Masalan, 2022-yil dekabr oyida belgilangan mahalliy tadbirkorlik subyektlarini sotish bo‘yicha bitim summasining kamida 10%i miqdorida davlat buudjetiga ixtiyoriy badal to‘lash Moliya vazirligi tomonidan 27-martdan boshlab majburiy deb e’lon qilindi.
Chet el kompaniyasining birinchi chiqish shartnomasi, shu jumladan ixtiyoriy hissa, Norvegiyaning “Wenaas” kompaniyasi tomonidan Rossiya mehmonxonalarini 2023-yil fevral oyida “AFK Sistema” kompaniyasiga sotgandan so‘ng tuzildi, unda bitim qiymati 203 mln yevrogacha bo‘lgan, shu jumladan, bu Rossiya budjetiga 10% badal olib keladi.
Qaror Rossiyadan chiqishni boshlagan, biroq yakuniga yetmagan xorijiy kompaniyalarga ta’sir qiladi, chunki qattiq shartlar tufayli ularning budjetga hissa qo‘shishdan boshqa chorasi qolmaydi.
“Yangi qoidalarning avvalgilaridan asosiy farqi shundaki, kompaniyalar endi tanlash imkoniyatiga ega emaslar”, dedi “ Nektorov, Saveliev & Partners” kompaniyasi hamkori Ilya Rachkov.
2022-yil 24-fevralda Rossiyaning Ukrainada harbiy maxsus operatsiyasi boshlanganidan so‘ng Amerika va Yevropa kompaniyalari Rossiya bozorini ommaviy ravishda tark eta boshladi.
Biroq, Shveysariya “IMD instituti” va “Sankt-Gallen” universiteti iqtisodchilari Nikkolo Pisani va Saymon Evernet o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 2023-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra, 2022-yil oxirigacha xorijiy kompaniyalarning atigi 8,5%i mamlakatni butunlay tark etgan.
2022-yil fevral holatiga, Rossiyada Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlaridan 1404 ta kompaniyaning 2405 ta shoʻba korxonasi faoliyat yuritgan.
Noyabrga kelib esa g‘arb kompaniyalarining atigi 8,5%i Rossiya bozorini tark etgan. Ulardan qariyb 18%i AQSh, 15%i Yaponiya, 8,3%i Yevropa Ittifoqi kompaniyalari hisoblanadi.
Iqtisodchilarning ta’kidlashicha, Rossiya aktivlaridan chiqish ko‘pincha aktivlarni qayta sotib olish imkoniyati to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan birga bo‘lgan.
“Yel” universiteti maʼlumotlariga koʻra, “Ford”, “Renault”, “McDonald's”, “IKEA” va “Shell” kabi kompaniyalar Rossiyani butunlay tark etgan.
Strategik tadqiqotlar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil sentabr oyi boshida Rossiyada faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy kompaniyalarning 34%i mamlakatdagi faoliyatini cheklagan.
15%i Rossiya bo‘linmasini yangisiga o‘tkazish orqali uni tark etishga qaror qilgan. 7%i biznesni sotmasdan bozordan butunlay chiqib ketishlarini e’lon qilishdi.
Ularning yo‘qotishlari $200−240 mlrdni tashkil etdi, eng ko‘p zarar ko‘rgan Amerika va Britaniya kompaniyalari hisoblanadi.
Ayni paytda mamlakatdan chiqib ketgan xorijiy brendlar mahsulotlari 2022-yil may oyida boshlangan parallel import orqali yetkazib berilmoqda.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, shu yo‘l bilan Rossiyaga qariyb $20 mlrd.lik mahsulot import qilingan.
“Spot” 2022-yilning mart va sentabr oylarida Rossiyani tark etgan va mamlakatdan chiqishni rejalashtirayotgan xorij kompaniyalari haqida yozgandi.