O‘zbekistonda aholi uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlarini 2023-yilda oshirish rejalashtirilmagan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma’lum qildi.
“Narxlar oshadimi yo‘qmi, aniq ayta olmayman. Katta ehtimol bilan oshmaydi. Aholi uchun aniq oshmaydi. Lekin bu mazkur masalani muhokama qilmayapmiz degani emas. Turli variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Qandaydir ijtimoiy normalar muhokama qilinyapti”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Dilshod Sultonovning qayd etishicha, gaz va elektr energiyasini ko‘p iste’mol qiladigan, sovuq qishda uyda futbolkada yuradigan boy odamlar bozor narxida to‘lashi kerak.
Ijtimoiy ro‘yxatlardan biriga kiritilgan, maoshi kam, ikki xonali kvartirada yashaydigan hamda elektr energiyasi va gazdan tejamkorlik bilan foydalanadigan fuqaro bo‘lsa, ularni rag‘batlantirish kerak. Bunday tariflar aksariyat mamlakatlarda amal qiladi.
O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yilning avgust oyida ko‘tarilgandi.
2022-yil 1-iyuldan aholi uchun bazaviy tariflarni 10%ga oshirib, tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tish belgilangandi. Biroq keyinchalik bu boradagi qaror qabul qilinmay qolgandi.