“Hududgazta'minot” Italiyaning ikki kompaniyasi bilan O‘zbekiston gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Bu haqda korxona matbuot xizmati xabar berdi.
Ulardan biri gaz uskunalarining yirik yetkazib beruvchisi “Pietro Fiorentini” kompaniyasi bo‘lib, u O‘zbekistonga zamonaviy gaz nazorat qilish punktlari, bosim regulyatorlari, filtrlar va boshqa butlovchi qismlarni yetkazib beradi.
Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Kattahovuz” mahallasida pilot loyiha doirasida “Pietro Fiorentini” rusumli to‘rtta gazni nazorat qilish punkti o‘rnatildi.
Ular tomonidan 305 ta xonadon va 5 ta ulgurji abonent gaz yoqilg‘isi bilan barqaror ta’minlandi, deyiladi xabarda.
Qo‘shma loyihada “Terranova” ham ishtirok etadi. Uning telemetriya tizimi yangi gazni boshqarish punktlari ishini masofadan kuzatish va onlayn nazorat qilish imkonini beradi.
Shartnomalar gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida tuzilgan.
5,4 ming gazni nazorat qilish punktlarini modernizatsiya qilish, 2,8 ming yuqori bosimli gaz quvurlari obyektida telemetriyani joriy etish, yuqori aniqlikdagi ultratovushli gaz hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Italiya eksport-importni moliyalashtirish agentligi (SACE) loyihani 200 mln yevro miqdorida moliyalashtiradi.
Mutaxassislarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ishlashga o‘rgatish maqsadida “Hududgazta'minot” kompaniyasi gaz tarmog‘i muhandislari uchun maxsus o‘quv maktabini ishga tushirmoqda. U “HGT Training” korporativ ta’lim markazi negizida ishlaydi.
Qayta o‘qitish kompaniya xodimlariga eng yangi dastur va texnikalar asosida malaka oshirish imkonini beradi. Darslar xorijlik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.