Kegeyli tumanida Qoraqalpog‘istonda sanoatini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, aholi bandligini ta’minlash hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha prezident ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Davlat rahbari unda Qoraqalpog‘iston aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan 3 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Bu haqda “UzA” xabar bermoqda.
Birinchi tashabbus doirasida hududdagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 mln so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Buning uchun alohida Qoraqalpog‘iston mahallalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, unga joriy yilda 250 mlrd so‘m ajratiladi.
Ikkinchi tashabbus. Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 47 ming uy-joy va ko‘chmas mulklarning kadastri yo‘q.
Bu esa aholining ipoteka olish, tomorqasida dehqonchilikka kredit, subsidiya olish, yashayotgan boshpanasini farzandlariga meros qoldirish imkoniyatini cheklayapti.
Shu sababli keyingi ikki oyda 38 ming odamning kadastri to‘liq qilib beriladi.
Uchinchi tashabbus. Qoraqalpog‘istonda yiliga 6,5−7 mingta uy-joyga talab bor.
Shu bois, 2023-yil o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p yoki 4 mingta uy-joy quriladi.
“Bunga qo‘shimcha qilib, faqat Qoraqalpog‘iston aholisi uchun yangi imkoniyat yaratamiz. Ya’ni, zamonaviy loyiha asosida 4 ming yakka tartibdagi uy-joy qurishga 4 sotixdan yer ajratiladi. Infratuzilmasini ham qilib beramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
2022-yili davlat rahbari Qoraqalpog‘istonda tashrifi davomida tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.