“O‘zcharmsanoat” uyushmasi bilan Janubiy Koreyaning avtomobilsozlik korxonalariga charm mahsulotlarini yetkazib beruvchi “JM” kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda mamlakatda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlar sifati, xom ashyo bazasi, korxonalarda qo‘llanilayotgan texnologiyalar, invest muhit to‘g‘risida Koreya kompaniyasiga batafsil ma’lumot berildi.
Koreya kompaniyasi charmning ikkilamchi va tayyor holdagi ko‘rinishini aynan O‘zbekistondan xarid qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan tanishdi.
Shu yerning o‘zida “JM” kompaniyasi vakillariga mamlakatning 16 ta hududida tashkil etilgan KSZlari va ularda charmsanoat sohasiga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biznes takliflar taqdim etildi.
Kompaniya Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochish va u yerda ishlab chiqariladigan charmni Janubiy Koreya bozoriga va “Hyundai”, “Kia”, “Toyota” kompaniyalariga yetkazib berish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirdi.
Aprel oyida “JM” kompaniyasi Toshkentga tashrif buyurib charm ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokarlar o‘tkazishga va amalga oshiriladigan loyihalarni muhokama qilib olishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Avvalroq Janubiy Koreyaning “Sejin G&E” kompaniyasi Ohangaron va Parkent tumanida amalga oshirilishi belgilangan loyihaga $55 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.