O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasida energetika va savdo sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Xususan, Xitoyning “Huadian Xinjiang Power” kompaniyasi Navoiy va Farg‘onada quyosh elektr stansiyalarini quradi.
Bu bo‘yicha Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov hamda Xitoy kompaniyasi boshqaruvi raisi Xan Sun o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, imzolangan hujjatlar qatorida savdo, qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik memorandumlari hamda Toshkent viloyati va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlar bor.
Bitimlarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida birgalikda tegishli choralar ko‘rish masalalari qayd etilgan.
Avvalroq Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” va “SANY Renewable energy” kompaniyalari Jizzaxda shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganishi ma’lum qilingandi.
Joriy yilning fevral oyida Xitoyning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqandda quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘ldi.
Loyiha doirasida kompaniya tomonidan $2 mlrd yo‘naltirilib, stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, to‘liq quvvatda esa 2024-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Undan keyin mamlakatning “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Bundan tashqari, “Anxoy Conch Sement” kompaniyasi Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasini qurmoqchi. Loyiha 200 gektar maydonda amalga oshirilib, unga $200 mln investitsiya kiritish taklifi bildirilgan.