Avvalroq, prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.

Hujjat bilan, xususiylashtirish sohasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilandi.

Xususan, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlandi.

Mazkur IPOlar aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladi.

Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Bu korxonalar orasida “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zavtosanoat”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom” kabi korxonalar hamda “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank”, “Aloqabank”, “Asaka bank”, “Xalq banki” hamda “Qishloq qurilish bank"lari bor.

Tegishli qarorga muvofiq, “O‘zbekneftgaz"ning 2%gacha aksiyalari savdoga chiqariladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aholiga “E-auksion” elektron savdo platformasi, shu jumladan, mobil ilovasi orqali savdoda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” aksiyalarini mahalliy fond bozoriga joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida IPO o‘tkazishga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni (anderrayter, konsultant va boshqalar) jalb qilish ishlari boshlangan.


Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” kompaniyasi O‘zbekiston tarixidagi uchinchi IPOni boshlashi haqida yozgandi.