Urganch shahrida xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 mlrd so‘mga qo‘shimcha 100 mlrd so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Tadbirkorlikni tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa — oziq-ovqat mahsulotlari balansini ta’minlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi.
Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantatsiyalari, Gurlan va Bog‘otda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.
Davlat rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qo‘shimcha 100 mlrd so‘m yo‘naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shuningdek, $20 mln investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trln so‘mga qo‘shimcha 400 mlrd so‘m ajratilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha $475 mln jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq prezident Qoraqalpog‘istonga tashrifida hudud aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan 3 ta tashabbusni ilgari surgandi.
Hududdagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 mln so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.