Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan Misr savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih o‘rtasida videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda vazilrik matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Port-Said shahrida to‘qimachilik, charm va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston korxonalarini joylashtirish uchun qo‘shma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Misr tomoni loyihalarni o‘z vaqtida samarali amalga oshirishga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Shu sabab, ikki mamlakat o‘rtasida Sanoat kooperatsiyasi va savdoni rivojlantirish dasturini, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni kelishish va tasdiqlashni tezlashtirishga kelishildi.

Suhbat yakunida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va yozda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida Toshkentda uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ham kelishib olindi.

Avvalroq Misr kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqayotgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kimyo sanoati kabi sohalar bo‘yicha muhokamalar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari biznes kengashini tuzish taklifi bildirildi. Ikki mamlakat farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.