“TBC Bank Uzbekistan” uzoq muddatli moliyalashtirish rejasi doirasida o‘z aksiyadorlaridan $28,1 mln miqdorida qo‘shimcha investitsiyalar jalb qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, taqsimlash “TBC Bank Group PLC”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) o‘rtasidagi mavjud ulushlarga muvofiq amalga oshirilgan.

Natijada, 2020-yildan buyon “TBC UZ"ga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi $107 mln.ni tashkil etdi.

Ularning asosiy qismi so‘nggi ikki yilda yirik investitsiyalar hisobidan ta’minlangan.

Yaqin kelajakda qo‘shimcha kapitallashtirishning yangi bosqichi rejalashtirilgan.

“Xorijiy aksiyadorlar tomonidan bank sohasiga qo‘yilgan bunday yirik sarmoya kengayish, barqarorligi va ishonchliligini oshirish imkonini bermoqda. Mamlakatning borish qiyin bo‘lgan hududlariga yanada ko‘proq bank xizmatlari ko‘rsatiladi”, — dedi “TBC Bank Uzbekistan” boshqaruvi raisi Spartak Tetrashvili.

YeTTB va IFC 2021-yilning kuzida “TBC"ning O‘zbekistondagi filiali aksiyalarini sotib olishini e’lon qildi. Har ikki tashkilot birinchi bosqichda har biri 9,4 mln to‘lagan holda bank aksiyalarining 20 foizini sotib oldi.

2022-yilning avgust oyida bank kapitallashuvini oshirishning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Keyin xalqaro aksiyadorlar bankka $7 mln, Gruziyadagi bosh bank esa yana $21,1 mln ajratdi.


Avvalroq “TBC Bank Group” joriy yil “Payme"ning qolgan ulushini sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. 2019-yilda Gruziya kompaniyasi “Payme” aksiyalarining 51%lik nazorat paketini $5,5 mlnga sotib olgandi.