Prezident ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023-yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish vazifalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlat rahbari qurilish hajmlarini o‘z vaqtida ta’minlash har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘sishiga katta turtki berishini ta’kidladi.

Shu sabab, aholi va quruvchilar uchun yangi yengillik va imkoniyatlar yaratilishi ta’kidlandi. Bunda, ipoteka krediti va subsidiya bilan ko‘proq aholi qamrab olinadi.

Xususan, 1-maydan rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi.

Bunda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi.

Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi.

Ya’ni, bu muddat qisqartirilishi orqali subsidiyadan ko‘proq aholi foydalanishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Shu bilan birga, 4 oy davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.

2023-yilgi davlat dasturida ham “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 1,6 baravarga oshirilib, 90 mingga yetkazilishi belgilangandi.