Xitoy kompaniyasi Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasini qurishi mumkin. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Aziz Voitov bilan “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yang Jiantsyan o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn muloqotda ta’kidlangan.

Xitoy tomoni mazkur agrologistika majmuasini qurish loyihasiga qiziqish bildirmoqda.

Qayd etilishicha, agrologistika majmuasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish maqsadida tashkil etiladi.

Uchrashuvda mamlakat kompaniyasining investitsiya kiritishi yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.

Shuningdek, “CITIC Construction” kompaniyasining ishchi guruhi O‘zbekistonga tashrif buyurib, mazkur loyihani joyida o‘rganishi ta’kidlandi.

CITIC Construction” — Xitoyning davlat investitsiya korporatsiyasi “CITIC Grup"ning qurilish va muhandislik sho’ba korxonasi hisoblanadi.

2008 va 2022-yillarda Pekinda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlari uchun “Qush uyasi” stadioni, aminokislotalar (lizin, triptofan) ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali agrosanoat majmualari qurilishi kompaniya tomonidan amalga oshirilgan.

Avvalroq Farg‘onada AKT bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston instituti ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.