O‘zbekiston hukumati hamda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar 2023−2026 yillarda ta’lim sohasini isloh qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni taqdim etdi, deya xabar berdi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE), UNICEF hamda milliy va xalqaro hamkorlar “Yo‘l xaritasi"ni tatbiq etish hamda monitoring qilish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, hamkorlar keyingi uch yil davomida ta’lim sohasini rivojlantirishga $580 mln.dan ortiq sarmoya kiritadi.
“Yo‘l xaritasi nafaqat ta’lim sohasida ishtirok etuvchi manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish, balki samarali yechimlarni kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda”, — dedi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliging ta’kidlashicha, Yo‘l xaritasi doirasida quyidagi yo‘nalishlarda ish olib borish belgilangan:
- o‘qituvchilar malakasini oshirish;
- o‘quvchilar bilimini adolatli baholash tizimini joriy etish;
- maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlash;
- darsliklar ishlab chiqish va joriy etish;
- ta’limda boshqaruv tizimini takomillashtirish.
Ayni paytda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olishni 80%ga yetkazish uchun maktabgacha ta’lim tizimida qo‘shimcha 620 ming o‘rin, 2026-yilgacha maktablarda 1,2 mln.ga yaqin o‘rin kerakligi ta’kidlangan.
““Yo‘l xaritasi"ning birgalikda tasdiqlanishi O‘zbekistondagi barcha qizlar va o‘g‘il bolalar uchun ta’lim tizimini o‘zgartirish yo‘lidagi muhim qadamdir”, — dedi GPE ijrochi direktori Laura Frigenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Yo‘l xaritasi” 150 dan ortiq hamkorlar ishtirokida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, hujjat 54 ta hamkor tashkilotni birlashtirib, ta’lim sektoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun aniq dasturni ta’minlaydi.