Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “Masdar” kompaniyasi uchun $205 mln miqdorida moliyaviy paket ajratadi. Bu haqda “Spot"ga bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mablag‘lar O‘zbekistonda umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan uchta yangi quyosh elektr stansiyasini qurishni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Mazkur loyihalar Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiya banki va Yevropa investitsiya banki kabi moliyaviy institutlar bilan birga moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu moliyaviy paket A/B toifali kreditlar va yangilanuvchi kreditlarni o‘z ichiga olgan uchta komponentdan iborat.
Umumiy miqdori $109 mln.gacha bo‘lgan A toifali kreditlar YeTTBning o‘z mablag‘lari hisobidan, $18 mln.gacha bo‘lgan B toifali kreditlar esa Niderlandiyaning “FMO” tadbirkorlikni rivojlantirish banki tomonidan moliyalashtirilishi mumkin.
Ular quyidagi quyosh foto elektr stansiyasilarini qurish va foydalanishga topshirishda yordam beradi:
- “Nur-Jizzax” (Jizzax viloyatida, nominal quvvati 220 MVt);
- “Nur-Samarqand” (Samarqand viloyatida, nominal quvvati 220 MVt);
- “Nur-Sherobod” (Surxondaryo viloyatida, nominal quvvati 457 MVt).
Elektr stansiyalari ishga tushirilgandan so‘ng, uchta loyiha 2200 GVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
O‘tgan yili “Masdar” kompaniyasi uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblaridan biri bo‘lgandi.
YeTTB Buxoroda umumiy quvvati 1 GVt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasini qurish va ishga tushirish uchun $520 mlnlik kredit ajratishi ma’lum qilingandi.