Avvalroq “Spot” Qrim hakamlik sudi mahalliy tadbirkor Artem Paliychukning Rostov kompaniyasi va Jizzax akkumulyator zavodiga nisbatan ro‘yxatdan o‘tkazgan savdo belgisidan foydalanganligi uchun tovon undirish to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqishi haqida yozgandi.

Gap o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi, jumladan, “KamAZ” yuk mashinalariga o‘rnatish uchun yetkazib beradigan “KUCH” akkumulyatorlari haqida bormoqda.

U “KUCH” avtomobil akkumulyatorlari va uning butlovchi qismlariga o‘zining ro‘yxatdan o‘tgan savdo belgisidan foydalanganligi uchun tovon undirishni so‘ragan.

Tadbirkor Artem Paliychuk Rostov kompaniyasidan 6,2 mln rubl, Jizzax akkumulyator zavodidan esa 257,3 mln rubl talab qilgan. Ish bo‘yicha sud majlisi 3-aprelga belgilangandi.

“Kommersant” nashrining Qrim hakamlik sudi ma’lumotlariga asoslanib yozishicha, Aretm Paliychuk Jizzax akkumulyator zavodidan 257 mln rubl undirib olgan.

“Da'vogarning “KUCH” tovar belgisi egasi sifatida huquqlarining buzilishi tizimli ravishda sodir bo‘lgan, chunki “Jizzax akkumulyator zavodi” tomonidan 2019-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda bir necha bor yo‘l qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan bojxona deklaratsiyasiga ko‘ra, yetkazib berish miqdori 128 mln 678 ming rublni tashkil etdi “, — deyiladi qarorda.

Bundan tashqari, qrimlik tadbirkor litsenziya shartnomasi bo‘yicha akkumulyatorlarni sotgan Rostovning “ARS Motors” kompaniyasidan 6,2 mln rubl undirgan.


Avvalroq “Spot” Ispaniyaning Maxam korporatsiyasi “Maxam-Chirchiq” qo‘shma korxonasi yuzasidan O‘zbekiston hukumatiga qarshi arbitraj da’vosi bilan murojaat qilgani haqida yozgandi.