Senatning 39-yalpi majlisida “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida"gi qonun ko‘rib chiqildi.
Hujjat bilan, banklar ustav kapitali miqdorini joriy yilning 1-sentabridan 2025-yilgacha bosqichma-bosqich 100 mlrd so‘mdan 500 mlrd so‘mgacha oshirish belgilanmoqda.
Natijada banklarni kapitallashtirish darajasi hamda resurs bazasini oshirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qo‘shimcha huquqiy shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlarga qo‘shimcha kredit berish imkoniyati yaratiladi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, norezidentlar tomonidan banklarning aksiyalarini olishga nisbatan cheklovlar qisman bekor qilinmoqda.
Xalqaro bozorlarda ommaviy joylashtirilgan aksiyalarni sotib olish soddalashtiriladi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar iqtisodiyotdagi tuzilmaviy o‘zgarishlar jarayonlarida ishtirok etishini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Avvalroq senatorlar Iste’mol krediti to‘g‘risidagi qonunga kiritiladigan o‘zgarishlarni ma’qullashgandi.