E-auksionda Toshkent markazi — Amir Temur maydoni yaqinida joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Aloqabank” ma’muriy binolari bo‘yicha savdolar yakunlandi.
Xususan, “Aloqabank” bosh ofisi binosi 10 daqiqa 44 soniyadan so‘ng 317,14 mlrd so‘m — lotning boshlang‘ich bahosidan 5% qimmat narx bilan kim oshdi savdosidan chiqib ketdi.
G‘olib bo‘lgan taklif “Black Gold Industry News” tomonidan bildirilgan. 9 soniyadan so‘ng u ikkinchi auksionda ham g‘olib bo‘ldi.
Ya’ni kompaniya Raqamli texnologiyalar vazirligi binosini sotuvga chiqarilgan boshlang‘ich narxdan 5% yuqori narx — 69,85 mlrd so‘mga sotib oldi.
Mazkur lot 66,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgandi.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Black Gold Industry News” 2022-yil yanvar oyida tashkil etilgan.
Ustav kapitali 8 mln so‘m bo‘lgan kompaniya tog‘-kon sanoati sohasida faoliyat yuritadi. Yagona asoschisi va rahbari Ziyodulla Jalolovdir.
Davaktiv agentligi 2022-yilning aprel oyida Raqamli texnologiyalar vazirligi binosini kimoshdi savdosiga qo‘ygandi.
Noyabr oyida “Aloqabank"ning bosh ofisi kimoshdi savdosiga qo‘yildi va saytning eng qimmat lotiga aylandi.
Xaridorlarga 7345 kv.m maydoni bo‘lgan, mebel va ofis jihozlari bilan ta’minlangan bino 302,04 mlrd so‘mga taklif etildi.