Jahon oltin kengashi (WGC) fevral oyi bo‘yicha dunyo Markaziy banklarining oltin zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Bu davrda oltinning eng yirik xaridori Xitoy Xalq banki bo‘ldi. Xususan, mamlakat regulyatori o‘z zaxiralarini 25 tonnaga oshirgan.
Undan keyingi ikkinchi o‘rinda 22 tonna oltin bilan Turkiya Markaziy banki turibdi.
O‘zbekiston Markaziy banki esa fevral oyida 8 tonna oltin xaridi bilan regulyatorlar orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, Singapur Markaziy banki va Hindiston zaxira banki tomonidan katta hajmdagi qimmatbaho metal sotib olingan — mos ravishda 7 tonna va 3 tonna.
Umuman olganda, butun dunyo bo‘ylab oltinning rasmiy davlat zaxiralari 52 tonnaga oshgan.
Oltinning yagona yirik sotuvchisi Qozog‘iston Milliy banki bo‘ldi. Fevral oyida mamlakatning oltin zaxiralari hajmi 13 tonnaga kamaydi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2022-yilda oltin zaxiralarini 34 tonnaga oshirdi. Natijada mamlakat xalqaro zaxiralari bilan Turkiya, Xitoy, Misr va Qatardan keyingi yetakchi o‘rinni qayd etdi.
Yanvar oyida regulyator 12 tonna oltin eksporti bilan jahon markaziy banklari orasida yetakchi bo‘ldi.
Bu noyabr oyidagi eksport ko‘rsatkichidan olti baravar ko‘p va 2022-yilning birinchi choragidagi umumiy sotuvning deyarli yarmini tashkil etadi.
Fevral oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb $2 mlrdga kamayib, $33,9 mlrdni tashkil etdi.