“Spot” xodimlari uchun eng qulay sharoitlarni yaratib beradigan turli kompaniyalarning ish joylari haqida qator materiallarni davom ettirmoqda.
Nima uchun rahbariyat bunga sarmoya kiritayotgani, xodimlar uchun qanday afzalliklar borligi va nega korporativ madaniyatni kuchaytirish zarurligi haqida bilib olamiz. Avvalgi materiallarimizda “CLICK” va “Humans” ofislari bilan tanishgan edik.
Bu safar “TBC Bank Uzbekistan” boshqaruvi raisi Spartak Tetrashvili nima uchun xodimlarga kostyum kiyish kerak emasligi, ularning ish tartibi va sharoitlari qanday ekani haqida gapirib berdi.
Ofis qanday tuzilgan?
O‘zbekistondagi birinchi raqamli bankdagi muhit an’anaviy banklardagidan tubdan farq qiladi: kostyum va galstuk kiygan xodimlar hamda kabinetli muhit yo‘q.
Umuman olganda, ish maydoni xodimlar o‘rtasida hech qanday bo‘linish bo‘lmasligi, ochiq maydon shaklida bo‘lishini taqozo etadi. Shuningdek, muzokaralar va uchrashuvlar uchun bir nechta kichik xonalar mavjud.
Open space formati xodimlarning doimiy joylari yo‘qligini va ular istalgan joyda ishlashi mumkinligini nazarda tutadi. Alohida idoralar va bank boshqaruvi mavjud emas. Hamma bitta umumiy makonda ishlaydi.
Progressiv bankda — progressiv sharoit. Kirish qismida Face ID — yuzni tanish tizimi mavjud. Yorqin bo‘yoqlarga ega devorlar ilhomlantiruvchi shiorlar, halqalar va bruslar uzoq davom etgan mashaqqatli kundan keyin chigal yozishga yordam beradi.
Tanaffus paytida stol futboli, dart o‘ynash, belanchakda uchish, lounge-zonada dam olish mumkin. Bu yerda tez-tez spiker-xodimlar va taklif etilgan mehmonlar bilan uchrashuvlar va treninglar o‘tkaziladi.
Har bir qavatda qahva nuqtasi (kofepoint) bo‘lgan kichik oshxona mavjud. Haftada ikki marta xodimlar kompaniya hisobidan mevalar bilan siylanadi. Koridor oxirida chiqindini saralash qutilari joylashgan. Bu “TBC” va “Hashar Week” hamkorligi natijasidir.
“TBC"da atrof-muhit uchun shunchalik qayg‘uriladiki, bu yerda hatto ofis ichida ham daraxt parvarishlanadi.
Kompaniya binoning bir qavatini ijaraga olishdan boshlagan, keyin kengaygani sari boshqa qavatlar egallangan. Hozir ofisning markaziy qismi Taras Shevchenko ko‘chasidagi binoning besh qavatini, shuningdek, shu atrofdagi bir nechta binolarni egallaydi.
Biz g‘oyalarni keragicha amalga oshirmoqdamiz. Misol uchun, eng boshida open-space muhit yaratish uchun ko‘plab devorlar sindirilgan. Keyin ularni bo‘yash g‘oyasi paydo bo‘ldi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari o‘rtasida tanlov bo‘lib o‘tdi. Ular deyarli barcha devorlarni bepul bo‘yashdi. Albatta, biz barcha sarflanadigan materiallar xarajatlarini to‘ladik, tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun budjet va sovg‘alar ajratdik.
Biz qulay muhit yaratishga harakat qildik. Buning uchun ko‘p pul shart emas, faqat yaxshi fikr kerak.
1 kvadrat metrni ta’mirlash uchun o‘rtacha $150 kerak bo‘ladi, jami bizda 2500 kv. m maydon bor. Lekin bu $375 ming sarfladik degani emas, chunki biz faqat sindirib, yangi narsa yaratgan joyimizgagina mablag‘ sarfladik.
Nima uchun qulayliklar yaratishga investitsiya kiritish muhim?
Umrimning yarmidan ko‘pini ishda o‘tkazganim uchun bu yerda yaxshi sharoit bo‘lishini istayman. Lekin qanday sharoitlar yaxshi bo‘lishini qanday aniqlash mumkin? Axir, har bir inson uchun bu butunlay boshqacha tushunchalar bo‘lishi mumkin.
Kimdir uchun bu doimiy ravishda qahva tayyorlaydigan yordamchilari bor bo‘lgan katta kreslo va televizorli ofisda o‘tirish, yana kimdir uchun esa kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, hamkasblari bilan birga ishlay olishdir. Har kim uchun o‘ziga yarasha.
Shuningdek, bizning ishxonamiz pet-friendly ofis hisoblanadi, bu yerga uy hayvonlarini olib kelish mumkin. Ko‘pincha xodimlar farzlandlarini olib kelishadi, bu bizning ish kunlarimizni yanada qiziqarliroq qiladi.
Albatta, kompaniyadagi har bir kishi turli darajadagi mas’uliyatga ega. Bu boshqa masala. Lekin biz hammamiz insonmiz va hammamiz teng ekanligimiz aniq. Mening mas’uliyatim ko‘proq ekanligi menga kimgadir yuqoridan qarashga, unga yomon munosabatda bo‘lishga yoki o‘zimga ko‘proq qulaylik yaratishga huquq bermaydi.
Albatta, juda ko‘p vazifalar turganda, stress va hokazolar sababli qiyin paytlar bo‘lib turadi. Agar yaxshi muhit, do‘stona muloqot, ajoyib jamoa va barcha qiyinchiliklar o‘rtasida muvozanatni topa olsangiz, hammasi ish beradi. Va agar stress, ofatlar va yomon atmosfera hukmron bo‘lsa, odamlar uzoq vaqt ishlay olishmaydi.
Korporativ madaniyat
Korporativ madaniyatning muhim tamoyili — bu iyerarxik stereotiplarning yo‘qligidir. Bizda kotiblar yo‘q. Muammoni hal qilish uchun ro‘yxatdan o‘tish va kutish shart emas. Har bir xodim har qanday savol bo‘yicha istalgan vaqtda men bilan bog‘lanishi mumkin.
Boshqa mahalliy banklarda ish tajribasiga ega bo‘lgan ko‘plab yollanma xodimlar uchun bu ish boshida qandaydir shok bo‘ldi, chunki ularning ko‘pchiligi bankda 3−4 yil ishlash davomida o‘z direktorini hech qachon ko‘rmagan. “TBC"da esa men har kuni jamoa bilan gaplashaman.
Biz doimiy ravishda jamoadagi muhitni yaxshilash ustida ishlayapmiz. Har chorakda NPS`ni (Net Promoter Score — iste’molchilarning sodiqlik indeksi — iste’molchining mahsulot yoki kompaniya/brendga bo‘lgan sodiqligini aniqlash indeksi, takroriy xaridlarga tayyorligini baholash uchun foydalaniladi — “Spot” izohi) sarhisob qilamiz. Umuman olganda, bu ko‘rsatkich: “Ma'lum bir xizmatga ega bo‘lgach, ushbu kompaniyani do‘stlaringizga tavsiya qilgan bo‘larmidingiz?” degan savolga javob beradi.
Bundan tashqari, ENPS ko‘rsatkichi (Employee Net Promoter Score) ham mavjud, ya’ni kompaniyada ishlayotganda, odam boshqalarni bu yerda ishlashga chaqiradi. Buni har chorakda xodimlar bilan muhokama qilamiz, qanday muammolarimiz bor va ularni qanday hal qilish mumkinligini so‘raymiz.
Har oyda ENPS indikatorini yaxshilash bo‘yicha turli tadbirlarni o‘tkazamiz. Shuningdek, har oyda xodimlarning erishgan yutuqlariga qaratilgan turli tanlovlar o‘tkaziladi.
Ish grafigi
Albatta, bizda belgilangan ish vaqti bor — 10:00 dan 19:00 gacha. Ammo agar xodimning shaxsiy masalalari bo‘lsa, u ertalab soat 8 da kelib, topshiriqni bajarishi va ketishi mumkin. Lekin, asosan, bizda bunday bo‘lmaydi, chunki ish juda ko‘p.
Xodimlar uydan ishlash imkoniyatiga ham ega. Biroq, karantin natijalariga ko‘ra, hamma masofadan ishlaganida, olti oydan ortiq uyda ishlagan odamlar samarali natijalarni bera olmasligini ko‘rsatdi. Buning sababi, xodimlarning uy muhitiga ko‘nikishi va e’tiborni o‘zlarining shaxsiy, maishiy ishlariga qaratishidir.
Shunday qilib, to‘liq 8 soatlik ish emas, oshxonada bir chashka qahva ustida koridordagi suhbatlar va yangi g‘oyalarni muhokama qilish jozibasi yo‘qoladi. Ko‘pchilik hatto ikkinchi ish topishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin bu to‘g‘ri emas. Ushbu yondashuv natijasida kompaniya zarar ko‘radi.
Shuning uchun, menimcha, butunlay masofaviy ishlash unchalik samarali emas, lekin biz masofaviy va ofis ishining muvozanatli kombinatsiyasini mamnuniyat bilan qabul qilamiz.
Xodimlar ofisda o‘rtacha 10 soat vaqt sarflaydi. Istisno — call-markaz xodimlari qat’iy 8 soat ishlaydi. Shaxsan men ishga ertalab soat 10 da kelaman va soat 20:00 da yoki soat 1:00 da ketishim mumkin. Chunki hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar tugamaydi. Hammasi ish yukiga bog‘liq.
Albatta, hech kim hech kimni ko‘proq ishlashga majburlamaydi. Har bir xodim KPIga ega va har kim qancha ishlashi kerakligini biladi. Ammo, agar odam doimo erta ketayotganini ko‘rsam, demak, unga ozgina topshiriq berilgan.
Xodimlar qanday rag‘batlantiriladi?
Head Office xodimlari ish haqiga qo‘shimcha ravishda bajarilgan vazifalarga bog‘liq bo‘lgan oylik bonuslarni olish imkoniyatiga ega. Back Office xodimlariga yillik bonuslar to‘lanadi, chunki ular uzoq muddatli maqsadlarga xizmat qilishadi.
Kvartal eng yaxshi xodimlarining Gruziyaga sayohatlari alohida tashabbus bo‘ldi. Har to‘rt oyda 5−6 nafar xodim 10 kunlik sayohatga borib, u yerda nafaqat mamlakat madaniyati, balki gruziyalik hamkasblari bilan ham dam olish va yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Marketing aksiyalari ko‘pincha jamoa uchun o‘tkaziladi, kompaniya uchun ishlab chiqarilgan tovarlar beriladi.
Trening va karyeraviy o‘sish
Kompaniya shaxsiy rivojlanish istagini rag‘batlantiradi. Biz ko‘plab ma’rifiy ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazamiz. Yaqinda Akmal Salixov bilan VR-texnologiyalari mavzusida uchrashuv o‘tkazdik. Ko‘pincha yig‘ilishlar kompaniyada tajriba almashish va kadrlarni tarbiyalash uchun xodimlar tomonidan o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, biz ta’limni moliyalashtirishga harakat qilamiz. Shunday qilib, yaqinda xodimlardan biriga “Alpha Education"da o‘qish qiymatining 85%i to‘lab berilgan.
Rahbarlik lavozimlarini egallagan besh nafar chet ellikdan tashqari, jamoa mahalliy xodimlardan iborat. “TBC” — bu yangi kompaniya, ya’ni boshqa tashkil etilgan kompaniyalarga qaraganda ko‘proq karyeraviy imkoniyatlar mavjud.
Buning sababi, asosan, yangi korxonalarda ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lsa, eski kompaniyalarda deyarli bo‘sh ish o‘rinlari mavjud emas, chunki kadrlar shakllantirilgan bo‘ladi.
Shunday xodimlar borki, eng pastdan boshlab, 2 yil ishlash davomida 3−4 marta ko‘tarilgan bo‘lsa, hozir ularning ba’zilari bo‘limlarni ham boshqarmoqda. Menimcha, bu tendensiya kelajakda ham davom etadi. Va bir necha yil ichida biz rahbarlik lavozimlariga mutaxassislarni yollashimiz shart bo‘lmaydi, chunki o‘zimiz o‘qitgan kadrlar bo‘ladi.
Hayot muvozanati haqida (work-life balance)
Agar siz o‘z karyerangizda biror bir natijaga erishmoqchi bo‘lsangiz, bu muvozanatni karyerangiz tomonga tortishingiz kerak bo‘ladi. Ilgari men bunga ishongim kelmasdi, lekin endi bu haqiqat ekanligini tushundim.
Chunki mukammal hayotiy muvozanatga ega inson o‘rtamiyona odamlardan farq qilmaydi. Bunday odam ajralib turmaydi. Bu yaxshi ham, yomon ham emas. Shunchaki, har kim o‘zi uchun hayotdagi ustuvorliklarni belgilaydi.
Agar siz biror bir ishga o‘rtacha odamdan ko‘proq vaqt ajratmasangiz, muvaffaqiyatga va ba’zi ajoyib natijalarga erisha olmaysiz. Shuning uchun biz qattiq mehnat qilamiz. Ishonchim komilki, bu ko‘p jihatdan qisqa vaqt ichida shunday natijalarga erishishimizga olib keldi.