O‘zbekiston va Belarus mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Bu bo‘yicha “Bellegprom” konserni raisi o‘rinbosari, Belarus elchixonasining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Unda Belarus korxonalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga o‘zbekistonliklarni tashkiliy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Belarus tomoni tikuvchilik, terini qayta ishlash va yengil sanoat sohalarida ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini bildirdi.
Qayd etilishicha, migratsiya sohasida shartnoma tuzishga kelishilgan.
Avvalroq o‘zbekistonliklar “Volkswagen Slovakia” kompaniyasiga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.
Bu bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgan bo‘lib, kompaniyada 1500 ta ishchi kuchiga ehtiyoj mavjudligi ta’kidlanmoqda.