Yanvar-mart oylarida umumiy pul tushumlari 140,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida qayd etilgan.
Naqd pul va terminal tushumlari bo‘yicha ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 37% ga oshdi.
Xususan, terminal orqali tushumlar ulushi 2022-yil birinchi choragidagi 31,2%dan 2023-yilning mos davrida 37,6%ga o‘sgan.
2023-yil yanvar-mart oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 173,9 trln so‘mni tashkil etgan, o‘sish esa 23,6%ga oshgan.
Banklarga naqd pul tushumlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,2%ga o‘sib, 87,8 trln so‘mni tashkil qildi.
Joriy yilning birinchi choragida bank kassalaridan (bankomatlardan) berilgan naqd pullar o‘tgan yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 23%ga ko‘paydi va 86,1 trln so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yanvar-mart oylarida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 2,2 trln so‘mga kamaygan.
Joriy yilning 1-aprel holatiga muomalaga chiqarilgan banknotlarning nominal qiymati bo‘yicha ulushi quyidagicha:
- 100 000 so‘mlik — 42,5%;
- 50 000 so‘mlik — 26%;
- 200 000 so‘mlik — 13,5%;
- 10 000 so‘mlik — 8,1%;
- 5 000 so‘mlik — 5,9%;
- 20 000 so‘mlik — 2,8%;
- 1 000 so‘mgacha — 0,8%;
- 2 000 so‘mlik — 0,4%.
Avvalroq 1-mayga qadar Toshkentda eksperiment tarzida virtual kassa bilan qamrab olingan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida naqd pul yechish xizmatini ko‘rsatish amaliyoti joriy etililishi ma’lum qilingandi.