Avvalroq prezident qarori bilan 2024-yilga qadar 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgandi.
Tahlillarga ko‘ra, nol stavkalar joriy etilgandan keyingi dastlabki 10 kun davomida bojxona imtiyozlari asosida import qilingan 36 turdagi tovarlarning 24 turi bo‘yicha ulgurji narxlarning pasayishi kuzatilgan.
Bu haqda xalqaro biznes markazida oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchilar uchun imtiyozlarni qo‘llash mavzusida o‘tazilgan davra suhbatida ta’kidlangan. Bu bo‘yicha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘simlik yog‘i, sut va go‘sht narxlari so‘nggi 30 yil ichida, don mahsulotlari va shakar narxlarining esa so‘nggi 10 yil ichida rekord darajada o‘sishi kuzatilgan.
Yuqoridagi 24 turdagi tovarlardan xurmo — 16%, olma, behi va nok — 42%, konservalangan baliqlar — 50%, mineral suvlar — 40%, oq shokolad yoki tarkibida kakao bo‘lmagan konfetlar — 24%ga arzonlashgan.
Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, narxlarning pasayishi chakana savdoda ham kuzatiladi.
Shuningdek, ichki bozordagi narxlar o‘zgarishi dinamikasini monitoring qilish va ularni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzilganligi qayd etildi.
MHTI ekspertlari narxlar o‘zgarish holatini tahlil qildi. Xususan, shokolad, sabzavot va meva konservalari, go‘sht konservalari hamda mol go‘shti kabilar arzonlagan. Biroq ayrim mahsulotlar narxi o‘zgarmagan.
Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov bu aholi farovonligiga qay darajada ta’sir qilishi, kutilayotgan natija qanday bo‘lishi va bu qarorlar ichki bozordagi narxlarga qanday ta’sir qilishini baholagandi.
Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini maqsadli qo‘llab-quvvatlab, kam ta’minlangan oilalarga iste’molni rag‘batlantirish imkonini berishi ta’kidlangan.
Undan oldin esa Zafar Hoshimov ham mazkur qarorning qabul qilinishi aholi uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlagandi.