Prezident topshirig‘iga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” loyihasining joriy yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan loyihalar moliyalashtiriladi.

Xususan, ana shunday 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, qo‘shimcha 1 182 ta mahalla bo‘yicha 4,3 mln nafar fuqaro ovoz bergan loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi.

Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport muassasalarini ta’mirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar tahlili o‘tkaziladi.

Bu orqali 2024-yil uchun budjet so‘rovida ularni ta’mirlash, jihozlash va xarid qilish xarajatlarini ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutiladi.

Natijada, mamlakatdagi 164 ta maktab, 30 ta bog‘cha va 32 ta tibbiyot muassasalarida ta’mirlash, jihozlash va boshqa loyihalarda belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun 304,6 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Avvalroq “Tashabbusli budjet"ning g‘olib loyihalari e’lon qilingandi. Unda 33 mingdan ortiq tashabbusdan 1 666 ta loyiha g‘olib deb topildi.

Shuningdek, ularni moliyalashtirish uchun 1 trln 571 mlrd 963 mln so‘m ajratiladi.