Yevropa Ittifoqi aprel oyida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini qabul qilishi mumkin. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar bermoqda.
Bryussel kiritilgan cheklovlarni uchinchi davlatlar hisobidan chetlab o‘tishning oldini olish mexanizmlariga e’tibor qaratishi kutilmoqda.
Sanksiyalarning yangi paketi haqidagi muzokaralar 25-fevralda Rossiyaga qarshi o‘ninchi paket tasdiqlanganidan so‘ng deyarli darhol boshlangan.
“Agar oldingi dinamikasini hisobga olsak, sanksiyalarning 11-paketi aprel oyi oxirigacha qabul qilinishi mumkin”, — dedi Yevropa parlamentining Rossiya bilan aloqalar bo’yicha delegatsiyasi a’zosi, Xorvatiyadan Yevroparlament deputati Ivan Vilibor Sinchich.
Shu bilan birga, Germaniyadan Yevroparlament deputati Gunnar Bek “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi shu haftaning boshidayoq yangi cheklovlar bo‘yicha kelishib olishi mumkinligini ma’lum qildi.
Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reinsalu fikricha, bu safar yanada koʻproq rossiyalik tadbirkorlarga nisbatan cheklov choralari joriy etilishi kerak. Bundan tashqari, 11-paketda Moskvaga cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradiganlarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto rossiyalik yuqori martabali amaldorlarning ko‘proq qarindoshlarini ro‘yxatga kiritish kerakligini aytdi.
Bundan tashqari, nafaqat jismoniy shaxslar, balki Rossiyaga sanksiyalar ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan davlatlar ham sanksiyaga tushishi mumkin.
10-mart kuni Oq uy Vashington va Bryussel cheklovlarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi faoliyatini chuqurlashtirayotganini, jumladan AQSh va YeI uchinchi davlatlarga Moskvaga yordam bermasliklari uchun ta’sir o‘tkazishini e’lon qildi.
Gunnar Bek sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi choralar boshqa mamlakatlarga ham qo‘llanilishi mumkinligini, ammo bu birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich amalga oshishi mumkinligi haqida aytdi.
Qayd etilishiciha, choralar Turkiya, Qozog‘iston va arab davlatlariga ta’sir qilishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sanksiya qo‘llashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Bunga mazkur davlatlarning Rossiyaga mahsulotlar reeksport hajmi sezilarli darajada oshgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.