Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish kiritildi.

Hujjat bilan, moliyaviy iste’mol kreditidan foydalanishda shartnoma tovarni (xizmatni) iste’molchi tomonidan sotib olishga doir shartnoma kuchga kirguniga qadar yoki kuchga kirganidan keyin tuzilishi mumkin.

Moliyaviy iste’mol krediti berish iste’mol tovarlarini (xizmatlarni) ishlab chiqaruvchining yoki realizatsiya qiluvchining (yuridik va jismoniy shaxsning) bankdagi hisobvarag‘iga bank yoxud boshqa kredit tashkiloti tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Moliyaviy iste’mol kreditining naqd pulda berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Shuningdek, qonun bilan “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar va xizmatlar uchun ham iste’mol krediti ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Avvalroq qonunning mazkur moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqilgandi.

Unda qonunga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan, shuningdek, O‘zbekistondan tashqarida ishlab chiqarilgan tovarlar uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilgan.

Mamlakatda iste’mol kreditlariga talab ortib borayotgani bilan birga qonunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarga iste’mol krediti berish cheklangan.

Bu esa aholining o‘z hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishiga hamda iste’molchilar huquq va manfaatlari buzilishiga olib keladi.

2022-yilning sentabr oyida esa “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasi e’lon qilindi.

Unda aynan, iste’mol krediti evaziga xarid qilinayotgan tovarlar va xizmatlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak, degan cheklov olib tashlanishi keltirilgandi.