“Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5 722 ta davlat ijtimoiy binolarining issiqlik ta’minoti tizimlari xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi.

2023-yilda Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida davlat ijtimoiy soha obyektlarida isitish tizimlari davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

1-iyungacha jalb qilingan loyiha institutlari ko‘magida tuman (shahar)lardagi ijtimoiy binolarning issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Bunda, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish xarajatlari hududlar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

1-iyulgacha tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida binolarning issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarining konsepsiyalari tasdiqlanadi.

1-avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

Ijtimoiy soha binolarida O‘zbekistonda 1 yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlar o‘rnatiladi.

Avvalroq bino-inshoot va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.