Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamenti, Atrof-muhit, tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi bo‘limi direktori Yasmin Siddiqi bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida OTB mamlakat qishloq xo‘jaligi sektorining “uzoq yillik va ishonchli” hamkori sifatida qayd etilib, vazirlik bilan amalga oshirayotgan 3 ta loyihasining umumiy qiymati $347 mln.ni tashkil etishi ta’kidlandi.

Tomonlar umumiy qiymati $130 mln.lik 2 ta yangi loyiha hujjatlari ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Yakunda vazirlik va OTB o‘rtasida qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirish va oziq-ovqat tizimining barqarorligiga erishish uchun hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.


Bank Markaziy Osiyodagi kichik va o‘rta biznes holati bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qilgandi. Unda qaysi sohalarni qo‘llab-quvvatlash kichik biznesni rivojlantirishda yordam berishi haqida fikr bildirilgan.

Unda “O‘sishga yo‘naltirilgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash yangi samaradorlik imkoniyatlarini ochishga yordam beradi va bu qo’llab-quvvatlash yoshlar, ayollar, agrobiznes va texnologik startaplarga qaratilgan bo‘lishi kerak”, deya keltirilgan.

OTB mamlakatda turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Avvalroq bankning O‘zbekistonda iqtisodiy boshqaruvni yaxshilashga $150 mln miqdorida qarz va $400 ming miqdorida grant ajratishi ma’lum qilindi.

“Talimarjon IES"dagi ikkita bug‘-gaz qurilmalari loyihasi uchun bankning imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi.

Shuningdek, bank mamlakatda ipoteka bozorini yaxshilashga $150 mln, shaharsozlikni rivojlantirishga qariyb $60 mln, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun $500, irrigatsiya sohasini modernizatsiya qilishga $150 ajratishi belgilangandi.

Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki $2,8 mlrd.lik 27 ta loyihani O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishgan. Mablag‘lar 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan sug‘urta operatsiyalari bo‘yicha biznes-rejasi doirasida ajratiladi.