Avvalroq prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish kiritildi.
Hujjat bilan, bilan “Iste'mol krediti to‘g‘risida"gi qonunning 15-moddasiga O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar va xizmatlar uchun ham iste’mol krediti ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.
Chunki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarga iste’mol krediti berish qonun bilan cheklangandi. Bu esa aholining o‘z hisobidan kredit evaziga xarid qiladigan mahsulotini tanlash imkoniyatini kamaytirishga olib kelardi.
O‘zgartirishlar nima beradi?
Iqtisodchi Otabek Bakirov qonunchilikdagi bu o‘zgarishlarga fikr bildirib, “eng katta qadam bu kredit olayotgan iste’molchi erkinligi va tanlovining qaytadan tiklanishidir”, deya qayd etdi.
Uning fikricha, endi tovar sotib olishda iste’mol kreditidan ham qimmat bo‘lgan mikroqarz rasmiylashtirishiga yoki karrasiga qimmat tushadigan “bo‘lib to‘lash” usullariga murojaat qilishga hojat yo‘q.
Iste’mol krediti hisobiga import tovarlarini sotish imkoniyati sotuvchi kompaniyalar va banklarning birgalikdagi iste’mol krediti mahsulotlarini ham maydonga chiqaradi.
Egiluvchan vositalar va bozorning kengayishi hisobiga iste’mol kreditlarining foizlari arzonlashadi. Bundan banklar ham, sotuvchilar ham, iste’molchilar ham yutishi ta’kidlangan.
Avtomobil sotib olishda iste’molchi ikkilamchi bozorda tanlagan avtomobilni sotuvchidan (yuridik yoki jismoniy shaxs bo‘lishidan qat’iy nazar) vositachisiz bank krediti hisobiga sotib olishi mumkin.
“Bu albatta iste’molchi xarajatlarini qisqartiradi”, — deydi Bakirov.
Shu paytgacha o‘zbekistonliklar xorijga turpaketlarni yoki ichki yo‘nalishlardan tashqari aviachiptalarni iste’mol krediti hisobiga sotib ololmasdi. Endi bu cheklov ham yo‘q.
Endi turpaketlar bozori ham rivojlana boshlaydi. Masalan, Qozog‘iston yo Qirg‘izistondan Misrga yo Tailandga turpaket O‘zbekistondagidan kamida 2 barobar arzon ekanligi keltirilgan.
Iqtisodchining yozishicha, endi kamroq daromadli o‘zbekistonliklar ham kredit hisobiga Tailand va Misrga, o‘rta daromadlilar esa yanada qimmat, masalan, Ispaniya va Kosta-Rikaga turpaketlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Otabek Bakirov asosiy stavkaning pasayishi bo‘yicha fikrlarini bildirib, erkin bozor va tijorat segmentiga deyarli ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidlagandi.