O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida foydalanish uchun dronlar ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Malayziya kompaniyalari bilan hamkorlik qilinadi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar bermoqda.

Bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Navoiy” MIZ vakillari hamda Malayziyaning dronlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyalari o‘rtasida onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi.

Malayziya kompaniyalari qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan “AGRI” seriyalaridagi dasturiy ta’minot bilan integratsiyalashgan purkagich dronlari, “Octocopter” seriyali kuryer dronlari va “UGV-Unmanned Ground Vehicle” kabi dronlarning texnik ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Mamlakatning “Alphaswift”, “Meraque” va “Aonis” kompaniyalari O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish istiqbollarini o‘rganib chiqishga qiziqish bildirdi.

Yakunda bu bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishning huquqiy asos va imkoniyatlarini o‘rganish hamda loyihalarning texnik parametrlarini ishlab chiqishga kelishilgan.

Alphaswift” kompaniyasining asosiy faoliyat turi qishloq xo‘jaligi va yetkazib beruvchi dronlarni ishlab chiqarish, ularni modifikatsiyalashga ixtisoslashgan.

2018-yilda tashkil topgan “Meraque” kompaniyasi keng turdagi dronlarni va ular uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqarish hamda robototexnikaga qaratilgan.

“Aonis” kompaniyasi esa Xitoyning dron ishlab chiqaruvchi “DJI” kompaniyasining Janubi-Sharqiy Osiyodagi rasmiy distribyutori hisoblanadi.

Kompaniya tomonidan qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida dron xizmatlari ko‘rsatiladi.


Yil boshida prezident Oʻzbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.

Qaror bilan mamlakat hududiga uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish va ulardan foydalanish bo‘yicha bevosita huquqqa ega bo‘lgan davlat organlari ro‘yxati kengaytirildi.