Qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini kengaytirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga dala chetlarida ishlarni to‘g‘ri va sifatli tashkil qilish, yer egalariga ekishdan boshlab mahsulotni realizatsiya qilishgacha bo‘lgan davrda 2023-yilda har bir tumanga 4 nafargacha, jami 672 tagacha mavsumiy agronomlarni ishga qabul qilishga ruxsat berildi.

Buning uchun agentlik tizimida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirishni joriy qilishga mas’ul bo‘lgan direktor o‘rinbosari shtati joriy qilinadi.

Avvalroq qabul qilingan prezident qarori doirasida agentlikning Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023-yilda ajratilishi belgilangan 400 mlrd so‘m budjet ssudasi hisobidan 100 mlrd so‘m yillik 10% stavkada quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

  • dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash;
  • suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatishga 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik 14% stavkada qarz ajratish.

Bunda, berilayotgan qarz mablag‘lari olinayotgan daromadning 50%idan oshib ketishi mumkin emas.

Qarorga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quritish sexi va sovitkichli omborxonalarni xarid qilishga 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bu mablag‘lar esa qishloq xo‘jaligi korxonalariga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14% stavkada ajratiladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lgan fermer xo‘jaliklariga zovur suvlarida 200−250 boshdan o‘rdak boqish va asalari uyasi tashkil qilish uchun yillik 14% stavkada imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, 2023−2025 yillarda Sirdaryoda foydalanilmay bo‘sh turgan dala chetlari hamda kollektor-drenajlar atroflaridagi 500 gektar maydonda ixcham “ijtimoiy issiqxona"ni tashkil qilinib, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari"ga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga tayyor holda 2,5 sotixdan ajratiladi.

Avvalroq ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishi haqida xabar berilgandi.