Toshkent xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, uzunligi 3905 m va kengligi 60 m bo‘lgan, barcha turdagi samolyotlarni qabul qiladigan uchish-qo‘nish yo‘lagi foydalanishga topshirildi.

Yo‘lak PCN (pavement classification number) ko‘rsatkichlari — yo‘lak chidamliligi tasnifi raqami 69, tekisligi — 5, bu esa 285 tonnagacha yuklarga bardosh berish imkonini beradi.

Shuningdek, uchish-qo‘nish yo‘lagi ICAOning birinchi toifasiga mos keladigan energiya tejovchi yoritish uskunalari va qo‘nish tizimiga ega.

Bu esa gorizontal ko‘rinish 800 m va vertikal ko‘rinishi 60 m bo‘lganda ham samolyotga qo‘nish imkonini berishi qayd etilgan.

“Yo‘lak oxirgi marta 1996-yilda rekonstruksiya qilinganini hisobga olsak, bu Toshkent aeroporti uchun juda muhim voqea. Uchish-qo‘nish yo‘lagining holati esa parvozlar xavfsizligini ta’minlashning muhim mezoni hisoblanadi”, — deydi “Uzbekistan Airports” kompaniyasi boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uchish-qo‘nish yo‘lagining rekonstruksiya loyihasi 120 mlrd so‘mga baholanmoqda.

Avvalroq Toshkent aeroportida kapsulali mehmonxona ochilishi haqida xabar berilgandi.