2022-yil iyul oyida prezident ipoteka kreditini ajratishda aholi daromadlari boʻyicha tijorat banklariga qoʻyiladigan talablarni yengillashtirish boʻyicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq bergandi.
13-aprel kuni prezident tomonidan “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ipoteka krediti berishning zamonaviy va barqaror tizimini shakllantirish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlash, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida moliyaviy resurslarni jalb qilish va keyinchalik ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadi nazarda tutilgan.
Farmon bilan banklarga ipoteka kreditlarini rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ham ajratishga ruxsat etildi.
Bunda, ushbu fuqarolarning to‘lov qobiliyati ularning bank kartasidagi aylanmasi, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarini hisobga olish orqali aniqlanadi.
Shuningdek, banklarga dastlabki badal miqdori, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, kreditlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi berildi.
Bunda, ipoteka kreditini olishda dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqaro arzonroq kredit olish imkoniga ega bo‘ladi.
Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushirildi. Bunda, fuqaro 4 oyda sertifikatdan foydalana olmasa, u subsidiyaga qayta ariza topshirishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Xalqparvar komissiyalarining xulosasiga asosan xato ajratilgan subsidiya sertifikatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bekor qilish va to‘lovlarni to‘xtatish huquqi berildi.
Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joy qurilishi va 2023-yil uchun ipoteka dasturini amalga oshirish bo‘yicha videoselektorda ham yuqoridagi vazifalarni ilgari surgandi.