Avvalroq “Spot” AQSh moliya vazirligi milliarder Alisher Usmonovning “USM xoldingi” va uning bir qator sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritgani haqida yozgandi.
Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) “SDN” qora ro‘yxatiga biznesmen yoki uning kompaniyalari bilan aloqador bir necha kishi ham kiritgan. 12-aprel kuni AQSh hukumati olti nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan cheklovlar joriy qildi.
Shunday qilib, Usmonovning singlisi Saodat Nurzievaga qarshi sanksiyalar kiritildi. U hozir ham Britaniya sanksiyalari ostida, biroq Yevropa Ittifoqi unga nisbatan cheklovlarni 2022-yil sentabrida olib tashladi.
“OCCRP” jurnalistlari 2022-yilning fevral oyida Nurziyeva uchun Shveysariyaning “Credit Suisse” bankida (yaqinda “UBS” tomonidan sotib olingan) $2 mlrddan oshiq 10 ga yaqin hisob raqamlari ochilgani haqida xabar berishdi, ammo Nurziyeva vakillari buni rad etishdi.
Yangilangan “SDN” ro‘yxatiga Nurziyevaning qizi Nasiba va uning turmush o‘rtog‘i Shohrux Nosirxo‘jaevlar kiritilgan. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, u BAAda ro‘yxatdan o‘tgan “Hamriyah Steel FZC” kompaniyasiga rahbarlik qiladi, hozirda u ham sanksiyalar ostida.
Milliarderning yana bir singlisi Gulbahor Ismoilova va uning asrab olingan o‘g‘li Natan (Anton) Viner ham sanksiya ro‘yxatidan joy olgan.
Qayd etilishicha, ikkalasi ham O‘zbekistondan tashqari Rossiya fuqaroligiga ega. Ismoilovada ham Kipr, Venerda esa Germaniya pasporti bor.
Gulnoz Ko‘charova (Ismoilova) bir kunda qora ro‘yxatga tushgan oltinchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘ldi — u ham Rossiya va Kipr fuqaroligiga ega.
U Usmonovning “The Sister Trust” kompaniyasiga tegishli Kiprning “Almenor” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Ulardan tashqari, AQSh sanksiyalarga kiritilgan “USM” tuzilmalarining bir qator rahbarlarini sanab o’tgan. Ular orasida xoldingning sobiq bosh direktori Vladimir Streshinskiy, “Metalloinvest” va “Udokan” mis kompaniyalari boshqaruvi aʼzolari Vaxtang Kocharov, Nozim Efendiev va Valeriy Kazikaev va boshqalar bor.
Avvalroq “Spot” AQSh moliya vazirligi O‘zbekiston va Isroil fuqarosi Maks Piflaksga nisbatan sanksiyalar joriy qilgani haqida yozgandi.