Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishning mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’sirini tahlil qildi.

Bunda JSTga 1990-yildan keyin a’zo bo‘lgan 15 ta mamlakat — Albaniya, Bahrayn, Bangladesh, Kamerun, Gruziya, Gonduras, Iordaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Nepal, Rossiya, Shri Lanka, Turkiya va Vanuatuning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar o‘rganildi.

Xususan, bular qatorida eksport o‘sishi, import o‘sishi, YAIM o‘sishi, aholi jon boshiga YaIM o‘sishi, inflyatsiya darajasi, ishsizlik darajasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyaning (TTXI) YAIMdagi ulushi va qayta ishlash sanoatining YaIMdagi ulushi mavjud.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar kesimida a’zolikdan oldingi 5 yillik va a’zo bo‘lgandan keyingi 10 yillik muddat o‘rtachalari solishtirilganda 15 ta mamlakatdan 12 tasida eksport va 10 tasida YaIM ko‘rsatkichi o‘sish sur’ati tezlashishi kuzatilgan.

Ularning 12 tasida inflyatsiya sekinlashgan va 10 tasida TXXI ko‘lami oshgan.

Jumladan, Bangladesh, Gonduras, Turkiya va Kamerunda ko‘pchilik yo‘nalishlar bo‘yicha ijobiy natija kuzatilgan.

Shu bilan birga, salbiy tendensiya hisoblangan ishsizlik darajasidagi o‘sish 15 ta davlatdan 10 tasida yuz bergan.

Masalan, Bangladeshda ishsizlik 2,3%dan 3,5%ga, Gonduras 3,4%dan 4,4%ga, Qirg‘izistonda 6,8%dan 8,7%ga oshgan.

Bundan tashqari, bu mamlakatlarning 2 tasida qayta ishlash sanoatining YaIMdagi ulushi oshgan bo‘lsa, 6 tasida kamaygan.

Shuningdek, tashkilotga a’zo bo‘lgan Qozog‘iston, Turkiya va Gruziyaning makroiqtisodiy ko‘rsatchiklaridagi o‘zgarishlar JSTga a’zo bo‘lmagan turdosh mamlakatlardagi o‘zgarishlar bilan qiyoslandi.

Natijalarga ko‘ra, sezilarli ijobiy o‘zgarish faqat eksport va import ko‘rsatkichlarida kuzatilgan.

Qolgan ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar a’zo bo‘lmagan boshqa turdosh mamlakatlardagi o‘zgarishlardan farq qilmadi.

Masalan, Qozog‘iston JSTga a’zo bo‘lgandan keyin ishsizlik darajasi 5,3%dan 4,9%ga pasaygan.

Turdosh mamlakat sifatida olingan Ozarbayjonda ham aynan shu davrda 5,2%dan 4,9%ga kamaygan, O‘zbekistonda esa sezilarsiz 5%dan 5,6%ga oshgan.

Turkiyada inflyatsiya darajasi 73,5%dan 59%ga tushgan, unga turdosh mamlakat sifatida olingan Eronda ham 21%dan 20,5%ga va Jazoirda ham 25%dan 7,6%ga pasaygan.

Ya’ni JSTga a’zo bo‘lgan va bo‘lmagan ba’zi davlatlarda bir xil ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

O‘zbekistonning nisbiy ustunliklaridan kelib chiqqan holda tashqi dunyo bilan erkin raqobatlasha oladigan ishlab chiqarish sohalarini tanlab olish va ularni uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish lozim.

Uzoq muddatli samarali gorizontal sanoat siyosati strategiyasini shakllantirish talab etiladi.

Korxonalarning tashqi raqobatga bardoshlilik ko‘rsatkichi bo‘yicha o‘z-o‘zini doimiy monitoring qilib borishiga turtki beruvchi mexanizmlarni qo‘llash joiz.

Masalan, amaliyotda raqobat yengil, o‘rta va keskin kuchayishi ssenariysi doirasida marketing va ishlab chiqarish zanjirlarini takomillashtirish, iste’molchi sodiqligini ushlab turish strategiyalarini keng qo‘llash zarur.