Ikkita xalqaro bank “Masdar” kompaniyasiga O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun kredit ajratilishini e’lon qildi.
Xususan, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki kompaniya bilan umumiy qiymati $83,6 mln.lik uchta kredit bitimi imzolangani haqida ma’lum qildi.
Bu bankning O‘zbekistonda yashil energiya bo‘yicha birinchi va xususiy sektor ishtirokidagi ikkinchi loyihasi hisoblanadi.
“OIIB sarmoyalari mamlakatga o‘sib borayotgan aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yordam beradi”, — dedi bank vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy.
U taqchillik ayniqsa sezilarli bo‘lgan vaqt sifatida yanvar oyidagi anomal sovuq ob-havo davrini ajratib ko‘rsatdi.
Shuningdek, Yevropa investitsiya banki uchta quyosh elektr stansiyasini qurish uchun $83,6 mln kredit ajratadi.
Jami moliyalashtirish paketi OTB va YeTTB mablag‘larini hisobga olgan holda $396,4 mln.ni tashkil etadi.
YTB vitse-prezidenti Tereza Chervinska mazkur loyiha bankning qayta tiklanadigan energiya manbalari, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ekologik barqarorlikni ta’minlash sohasidagi yo‘nalishlariga mos kelishini ta’kidladi.
“Masdar” 2021-yil may oyida umumiy quvvati 897 MVt bo‘lgan uchta quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderlarda g‘olib chiqqandi.
Kompaniya Jizzax va Samarqand viloyatlarida har biri 220 MVt, Surxondaryoda 457 MVt quvvatga ega quyosh foto elektr stansiyalarini qurishni rejalashtirmoqda.
Elektr stansiyalari ishga tushirilgach, ishlab chiqarishning umumiy hajmi 2200 GVt/soatni tashkil qiladi. Ular 1 mlndan ortiq xonadonni energiya bilan ta’minlash va shu bilan birga uglerod chiqindilarini 1,22 mln tonnaga kamaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq YeTTB “Masdar” uchun $205 mln.gacha bo‘lgan qo‘shma moliyalashtirish paketini e’lon qildi. OTB esa $102 mln ajratadi, shundan $64,5 mln.i bankning o‘z mablag‘lari hisobidan, qolgani ILX I fondi tomonidan ajratiladi.