O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida energiya samaradorligini oshirish va mamlakatdagi degradatsiyaga uchragan o‘rmon yerlarini tiklash bo‘yicha $296 mlik to‘rtta shartnoma imzolangan. Bu haqda “Spot"ga Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kredit mablag‘larining $143 mln.i ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun, $142 mln esa barqaror o‘rmonchilik va o‘rmon landshaftlarini tiklash loyihasi uchun yo‘naltiriladi.

Shuningdek, ikkinchi loyiha doirasida tadbirlar va konsultativ xizmatlarni moliyalashtirish uchun yana 2 ta: $8 mln va $3 mln.lik grant bitimlari imzolangan.

Ushbu loyihalar boʻyicha imtiyozli moliyalashtirish Oʻzbekistonga Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan past foiz stavkasida, 30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.


Avvalroq Jahon banki “O‘zbekiston binolari uchun toza energiya” loyihasini amalga oshirish uchun $143 mln miqdorida qarz mablag‘lari ajratgani haqida xabar berilgandi.

Bunda mazkur mablag‘lar O‘zbekistonga 30 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan berilgan.

Shundan, loyihaning $138 mlni “Jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish hamda toza energiya uchun investitsiya kiritish” komponentidan iborat.

Qolgan $5 mlni esa “Loyiha doirasida texnik ko‘mak berish, personallar salohiyatini oshirish hamda uning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash” komponentiga to‘g‘ri keladi.