Ko‘pchilik onlayn xizmatlar qatorida mehnat daftarchasidan ham ko‘chirma olish mumkinligini bilmasa kerak.
Xizmatdan Yagona portal orqali jismoniy shaxslar bemalol foydalanishlari mumkin va hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Biroq foydalanuvchi portalda shaxsiy sahifasiga ega bo‘lishi zarur. “Spot” Yagona portalda qanday qilib shaxsiy sahifani ochish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.
Portalga kirgach qidiruv tizimiga “Mehnat daftarchasidan ko‘chirma olish” kalit so‘zlarini kiritish orqali kerakli sahifa ochiladi.
Undan keyin “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosib, mehnat faoliyatiga oid barcha ma’lumotlarni olish mumkin.
Jarayon ko‘p vaqt olmaydi, uning ustiga xizmatdan foydalanish — bepul.
Onlayn shakllangan hujjatni “Yuklab olish” tugmasi orqali fayl ko‘rinishida qurilmaga saqlab olish mumkin.
Shu bilan, mehnat daftarchasi so‘ralgan har qanday joyga mazkur hujjatni bemalol ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Portalda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu xizmatdan o‘tgan mart oyida 60 555 ta, aprel oyining o‘tgan yarmida esa 31 109 ta fuqaro foydalangan.
Avvalroq “Spot” kredit tarixi va uni qanday aniqlash mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.