So‘nggi bir necha yil ichida IT mamlakatda eng jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylandi. Bunda 2019-yilda tashkil etilgan “IT Park” muhim rol o‘ynadi.
“IT Park” — bu IT-kompaniyalar uchun hududdan tashqari erkin iqtisodiy zonadir. Texnopark rezidentlari bir qator imtiyozlarga ega bo‘lib, jumladan, soliqdan ozod qilinmoqda.
Dunyodagi vaziyat fonida soha rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi — O‘zbekistonga, shuningdek, qo‘shni davlatlarga migrantlar oqimi kirib keldi, ularning aksariyati IT-mutaxassislari edi.
Hozir poydevor deyarli qurib bitkazilganda: IT-infratuzilmasi rivojlanmoqda, yosh kadrlarni bepul o‘qitish orqali bozorga ko‘p sonli mutaxassislar kirib kelmoqda, xalqaro o‘yinchilar jalb qilinmoqda. Bunda “IT Park"ning asosiy vazifasi O‘zbekistonni xalqaro bozorda e’lon qilish, buyurtmalarni jalb qilish va shu tariqa IT-xizmatlari eksportini oshirish bo‘ldi.
Ushbu maqsad yo‘lida yana qanday qadamlar qo‘yilishi rejalashtirilgan, nimalarga erishildi, nima uchun BPO`ga katta e’tibor qaratilmoqda va nega One Million Uzbek Coders’ni muvaffaqiyatli loyiha deb hisoblash mumkinligi va shu kabi boshqa ko‘p narsalar haqida — “Spot” “IT Park” direktori Farhod Ibragimov bilan suhbatlashdi.
2022-yilda IT-sohasidagi o‘zgarishlarni aniqroq aks ettiruvchi uchta asosiy ko‘rsatkichni keltira olasizmi?
IT Park 2019-yilda tashkil etilgan edi. O‘shandan beri biz O‘zbekistonni texnologik mamlakat sifatida e’lon qilishga tayyorgarlik ko‘rdik.
Asosiy o‘zgarishlardan biri shundaki, davlat rahbari AKTni rivojlantirmasdan turib taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi, deb davlat xizmatchilariga tez-tez uqtiradi. Bu borada nafaqat poytaxtda, balki butun mamlakatda katta o‘zgarishlarni ko‘ryapmiz. Bu har qanday qarorlarni qabul qilishda IT-yechimlar kiritish nazarda tutilganligi bilan bog‘liq.
Ikkinchidan, O‘zbekiston mintaqada relokatsiya bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Dastlab, texnopark tashkil etilgandan buyon biz xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan kompaniyalarga tayandik. O‘tgan yil davomida O‘zbekistonda 160 dan ortiq ana shunday kompaniya ro‘yxatga olingan.
Uchinchidan, ota-onalar va bolalar o‘rtasida IT-sohasiga qiziqish asosan Toshkentda edi. Bu tendensiya 2015−2016 yillarda poytaxtda badavlat ota-onalar orasida yaxshi shakllandi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan biz ana shunday tendensiyaning hamma joyda keng tarqalayotganini payqadik. Bu nafaqat markaziy shaharlar (Samarqand, Buxoro, Namangan), balki alohida tumanlarda ham kuzatildi.
Dunyoda ro‘y berayotgan voqealar bilan bog‘liq holda “IT Park” tizimi qanday o‘zgardi?
2019-yildan 2022-yilgacha infratuzilmani tayyorladik va qonunchilikni takomillashtirdik. Biz bu ishni O‘zbekiston yirik xalqaro kompaniyalar uchun jozibador texnologik mamlakatga aylanishi uchun amalga oshirdik.
Texnopark rezident kompaniyalari soni o‘tgan yili 500 dan oshdi, ularning 350 ga yaqini eksport uchun ishlamoqda. Mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat yuritayotgan 150 dan ortiq kompaniya tashkil etilgan.
Bundan tashqari, hududlarda 170 dan ortiq ta’lim kompaniyalari tashkil etilgan. Ularni yaratishda asosiy omil bo‘lib nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchi IT-kompaniyalarni, balki ta’lim loyihalarini ham rag‘batlantirish bo‘ldi, shuning uchun bozorning o‘zi davlat aralashuvisiz shakllandi.
2019-yilda bu juda yuqori xarajatlar talab qilgani sababli amalga oshirilmay qoldi. 2019−2022-yillarda prezident tashabbusi bilan hududlarda 205 ta o‘quv markazlari tashkil etildi. 14 ta hududdan 12 tasida ushbu markazlarni tadbirkorlar operativ boshqaruvlariga olishdi. Bu “IT Park"ga bozorda faqat yordamchi (fasilitator) bo‘lish imkonini berdi, tadbirkorlarning o‘zlari esa bozor ishtirokchisiga aylanishdi.
O‘tgan yili O‘zbekistonga qancha mutaxassis keldi va qanchasi shu yerda qoldi?
Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 4000 dan ortiq mutaxassis kelgan. Bundan tashqari, bozorda yuqori malakali mutaxassislarni ishga olishga qiziqqan bir qancha ish beruvchilar bor edi.
Bizningcha, umumiy ko‘rsatkich 6000 dan oshdi. Qancha odam mamlakatda qolgani va bu yerda ishlayotgani borasida aniq javob bera olmaymiz, chunki bizda bunday ma’lumotlar yo‘q.
Bizga maʼlumki, kompaniyalarimiz orasida 2 mingdan ortiq mutaxassis O‘zbekistonda ishlaydi.
Ayting-chi, IT-mutaxassislarining kirib kelishi bilan nima o‘zgardi va bu mahalliy kadrlar darajasiga qanday ta’sir qildi?
2021-yil oxiriga qadar biz O‘zbekistonga xorijiy kompaniyalar va mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha bir qator dasturlarni tayyorladik. Dunyoda sodir bo‘lgan voqealar bu jarayonni tezlashtirdi. O‘zbekistonga yuqori malakali mutaxassislarni taklif etish, ularning faoliyati va turmush kechirishi uchun qulay shart-sharoit yaratish asosiy vazifa edi.
Bu O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda yosh kadrlar tayyorlashda jadallik kuzatilgani, bozorga ko‘plab junior-mutaxassislar kirib kelgani bilan bog‘liq. Bozorda juniorlarni jamoalarga jalb qiladigan senior-mutaxassislar bo‘lishi kerak. Buning uchun esa xorijdan yirik kompaniyalardan buyurtmalar tushishi zarur.
Ayrim MDH mamlakatlari, Hindiston va Bolqon mamlakatlari xorijiy kompaniyalar bilan ishlashga yo‘naltirilgan. AQShdan kelgan mijoz o‘zi uchun joy tanlayotganida, qaysi davlat bilan ishlashni xohlasa, O‘zbekiston har doim ham bu davlatlar bilan raqobatlasha olmasdi.
Bu aynan senior-mutaxassislarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Xorijdan yuqori malakali mutaxassislarning kelishi xalqaro bozorda raqobatlashish va ko‘proq buyurtmalar olish imkonini berdi.
Sizningcha, O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan mutaxassislarni jalb qilishda raqobat qilmoqdami?
Menimcha, bu borada raqobat yo‘q, chunki so‘nggi ikki yil mintaqaviy hamkorlik uchun juda faol bo‘ldi.
Hozir raqobat degan tushuncha yo‘q, chunki O‘zbekiston yoki qo‘shni davlatlar alohida yirik mijozlar uchun kichiklik qiladi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mintaqaviy ravishda tashqi bozorlarga chiqamiz.
Olis masofa va aviachiptalar qimmat bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonga anchagina yuqori malakali mutaxassislar yetib keldi, chunki 2022-yilgacha ham yirik kompaniyalar mamlakatimizda o‘z vakolatxonalarini ochishni boshlashdi. Aksariyat hollarda yirik kompaniyalarning mamlakatdagi vakolatxonalari fevral voqealaridan oldin tashkil etilgan.
IT Card va IT Visa nima? Qancha odam bunga ega bo‘lishdi?
450 dan ortiq ariza topshirildi, shundan 250 tasi ma’qullandi. Bu yo‘nalishda o‘z maqsadini O‘zbekistonda uzoq muddat qolish deb biladigan IT-mutaxassislari ko‘rib chiqiladi.
IT Card va IT Visa bunday insonlarga ko‘chmas mulk sotib olish, shuningdek, mamlakat fuqarolari bilan teng ravishda ta’lim va tibbiyotdan foydalanish imkoniyatini beradi.
Endilikda IT Park startaplarga $10 minggacha mablag‘ jalb qilishga yordam beradi. Ayting-chi, buning uchun nimalar kerak va bu mablag‘larni kimlar olishi mumkin?
IT-visani olish mezonlaridan biri O‘zbekistonga kamida $10 ming miqdorida sarmoya kiritishdir. Investor bunga qiziqqan, lekin hali o‘z loyihasiga ega bo‘lmagan holatlar mavjud. Shunda u investitsiya uchun mahalliy startaplarni ko‘rib chiqadi. Bunda biz startaplar va investorlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik platformasi vazifasini bajaramiz.
Keling, texnopark rezidentligi haqida gaplashamiz. Nega yirik xalqaro kompaniyalar va startaplarga bir xil darajadagi imtiyozlar beriladi?
Imtiyozlar barcha IT-kompaniyalar uchun taqdim etiladi. Ammo shuni tushunish kerakki, yirik kompaniyalar uchun bu yerda qolishning asosiy sababi nafaqat imtiyozlar, balki kadrlar hamdir.
Umuman olganda, butun mamlakat bo‘ylab yoshlar xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan kompaniyalarda ish topish uchun hali yetarli malakaga ega emas. Hech bir yirik kompaniya bu yerga faqat o‘z mutaxassislari bilan kelmaydi.
Imtiyozlar bo‘lmagan paytda bozor ham bo‘lmagan. Hozirda imtiyozli jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ushbu soliqdan imtiyozlarsiz tarzda olingan tushumdan bir necha baravar yuqori. O‘sha paytda maoshlar konvertda berilar edi, tushumlar esa kamroq bo‘lgan.
Endi vaziyat o‘zgardi, bu byudjetga tushumlarni oshirish imkonini berdi. Valyuta tushumlari ham 2017-yildagi $600 mingdan $140 mlngacha keskin oshdi. Kelgusida bu ko‘rsatkichlar yanada oshadi.
Umid qilamizki, tez orada mamlakatning jami eksportidagi IT ulushi 1%ga yetadi, bir necha yil avval bu ko‘rsatkich 0,001%ni tashkil etgan edi. Sohamizda 5−6 barobar o‘sish kuzatilmoqda. Hech qaysi sanoat bunday tez sur’atlarda rivojlanmayapti.
ITning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi va xususan texnopark rezidentlarining hissasi qanday?
Rezidentlarning tovar aylanmasi yiliga 6 trln so‘mga yaqinlashdi. Ko‘p sonli mahalliy mutaxassislarning eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarda ish bilan ta’minlangani asosiy omil bo‘lmoqda. Demak, IT-sohasida xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlari sohada nimalar sodir bo‘layotganini aniq ko‘rsatib beradi.
O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan korxonalarda ish o‘rinlari yaratish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Bosh ofislardan maoshlar shu yerga yuboriladi. Va biz nafaqat buning sodir bo‘lishini, balki kompaniyalarning o‘z vakolatxonalari va ofislarini bu yerda ochishini ta’minlashga intilamiz, shunda foyda shu yerda qoladi.
2023-yilda O‘zbekistonning nafaqat IT-kompaniyalarni jalb qilish markazi, balki xalqaro moliya markaziga aylanishini ta’minlaydigan jiddiy irodali qarorlar kutilmoqda.
Farhod, aytingchi, “IT Park"ning global maqsadi nima?
2028-yilga borib xizmat va mahsulotlar eksportini $1 mlrdga yetkazishni ko‘zlamoqdamiz. Lekin ishonchim komilki, buni ancha ertaroq amalga oshira olamiz. Chunki joriy yilning o‘zidayoq eksport hajmini $300 mlnga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Global maqsad yoshlar uchun istiqbol sifatida past malakali ishga mehnat migratsiyasi emas, balki O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtida yuqori sifatli IT-ta'lim olish, xalqaro kompaniyada ishga joylashish imkoniyatini ko‘rishdir.
Biz 2023-yilni xalqaro bozorda O‘zbekiston haqida ko‘proq bayonotlar berishga bag‘ishlaymiz. Bu bizga xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan yangi kompaniyalarni jalb qilish imkonini beradi.
Bu esa, o‘z navbatida, bunday kompaniyalarda ishlayotgan yoshlarning o‘z mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarini yaratishi mumkin bo‘lgan darajaga yetishiga yordam beradi.
Bu nafaqat xizmatlar orqali bilimlarni eksport qilish, balki o‘z mahsulotingizni yaratish imkonini beradi. Buning uchun biz BPO yo‘nalishini yaratdik. Jahon bozori juda katta. Bizda uning 1%i ham yo‘q. Vazifamiz — O‘zbekistonga yirik kompaniyalar kirib kelishi uchun o‘zimizni tanitish.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BPO`ni istiqbolli deb baholadi. Ayting-chi, bu nima va bugungi kunda mamlakatda nechta kompaniya bor?
BPO — Business Process Outsourcing, biznes-jarayonlarni yo‘naltirish. Biz ushbu yo‘nalishni 2020-yilda imtiyozli yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritdik. Bu mahalliy mutaxassislarga xalqaro buyurtmalarni qabul qilish imkonini beradi (bu valyuta oqimini ta’minlaydi). 2020-yilda atigi 2 ta shunday kompaniya bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 180 tadan oshdi. Umuman olganda, respublikada 300 ga yaqin kompaniya ro‘yxatga olingan.
BPO — bu ingliz tilini biladigan va kompyuter savodxonligiga ega bo‘lgan yoshlar uchun butun dunyo bo‘ylab kompaniyalarda ishlash va yaxshi maosh olish imkoniyatidir.
Bu yo‘nalish poytaxtda juda mashhur, ammo bizning vazifamiz hududlarga borib, buni u yerda rivojlantirishdan iborat. BPO kompaniyaga ishga joylashish IT-kompaniyaga kirishga qaraganda ancha osonroq. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishga bo‘lgan talab kam emas.
Sizningcha, O‘zbekiston o‘ziga xos Kremniy vodiysi yoki Markaziy Osiyodagi IT-xabga aylana oladimi?
Markaziy Osiyoda, albatta. Biz Markaziy Osiyoning o‘zi Kremniy vodiysiga aylanishi kerakl deb o‘ylaymiz. Potensial juda katta. Agar hech qanday tashqi ta’sir rivojlanishga to‘sqinlik qilmasa, keyingi besh yil ichida bizda mavjud bo‘lgan imkoniyatlar va bo‘ladigan imkoniyatlar o‘rtasida farq katta bo‘ladi.
Nima uchun yirik kompaniyalar O‘zbekistonga kirib keladi? Qaysi kompaniya (mahsulot yoki xizmatga yo‘naltirilgan) bo‘lishidan qat’iy nazar, ular bu yerda mutaxassislarni yollay olishlari uchun mamlakatga kirishadi. Shu bilan ham O‘zbekiston alohida jozibaga ega.
One Million Uzbek Coders dasturini muvaffaqiyatli deb hisoblaysizmi?
Ha, buni muvaffaqiyatli deb hisoblayman. Dasturdan maqsad O‘zbekistonda million dasturchilarni yaratish emas, balki maktab o‘quvchilarini o‘qishni bitirmasdan oldin nima qilishni bilishlari uchun qiziqtirishdir. Informatika darsi o‘rniga har bir talaba o‘zini dasturlashda sinab ko‘rish, tizimli va izchil fikrlashni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu dasturda 2 mlndan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tganini, ularning 1 mln nafari sertifikat olganini ko‘rib turibmiz. Ushbu dastur bir yilga emas, balki o‘nlab yillarga mo‘ljallangan. Buni takomillashtirish kerak. Dasturda ishtirok etgan yigitlarni keyingi oflayn treninglar, jonli amaliyot va ishga joylashtirish orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish lozim.
Bu butun zanjir texnoparkning vazifasi bo‘lib, uning uchun har bir bosqichda “IT Park” rezidentlari jalb qilingan. Agar bularning barchasini hayotga tatbiq eta olsak, yaqin kelajakda bizda 100 mingdan ortiq mutaxassis yetishadi.
Dasturga qancha mablag‘ sarflandi?
Davlat byudjetidan bir tiyin ham sarflanmadi. Hamkorlarimiz — BAA hukumati O‘zbekiston xalqiga undan foydalanishi uchun bepul platforma taqdim etdi.
Ayting-chi, nega texnopark o‘zining Bilgi.uz kurslari bozorini ishga tushirdi va bu platforma qanchalik mashhur?
Dastlab mutaxassislar tayyorlash va ularning aylanmasini oshirish uchun mablag‘ga muhtoj rezidentlarimiz bor edi. Ularga garov asosida kredit berildi. Ammo AKT sohasi uchun bunday shartlar be’manilikdir. Shuning uchun, endi biz o‘z ta’limi uchun pul to‘laydigan va shu bilan birga moliyaviy resurslari cheklangan shaxslarga e’tibor qaratdik.
Yillik dasturlash kursiga o‘rtacha 20 mln so‘mdan yuqori mablag‘ kerak bo‘ladi. Bu O‘zbekiston standartlari bo‘yicha kam miqdor emas. Shu bois platformada o‘qishni tugatgandan so‘ng 6 oy ichida talaba ish topib, daromad olishni boshlashi mumkin bo‘lgan vaqt ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.