Rossiyaning “Sportmaster” sport do‘konlari xalqaro tarmog‘i “Tashkent City Mall” bilan hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi, deya xabar berdi savdo markazi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, reteyler erkak, ayol va bolalar uchun turli brendlarga ega mahsulotlar sotuvini amalga oshiradi.

Xususan, xaridorlarga fitnes, yozgi va qishki sport turlari uchun sifatli inventar, kiyim, poyabzal hamda aksessuarlar taqdim etiladi.

Qayd etilishicha, mazkur savdo markazi Toshkent va O‘zbekistondagi birinchi tarmoq joylashuvi bo‘ladi.

Tarmoqning O‘zbekiston bozoriga kirish istagi 2019-yil oxirida muhokama qilingan. “Sportmaster” franchayzasiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonda ishlash va uchta do‘kon — “Samarqand Darvoza”, “Compass” va “Riviera” savdo majmualarida ochish niyatida edi.

Birinchi do‘kon 2020-yilning mart oyida ochilishi kerak edi, ammo bunga COVID-19 pandemiyasi sabab boshlangan karantin to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, kompaniya mahalliy bozorga chiqish niyatini saqlab qoldi.


Avvalroq Fransiyaning “Groupe Casino” kompaniyasi O‘zbekistonda do‘konlar ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Kompaniya giper, super va mini-marketlar, chegirmali hamda ulgurji do‘konlar tarmog‘iga egalik qiladi.