Markaziy bank budjet va korporativ mijozlarga to‘lovlar bo‘yicha komissiya miqdorini cheklovchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Prezident qarori bilan to‘lov xizmatlari ko‘rsatganlik uchun vositachilik haqi to‘lov shaklidan qat’i nazar to‘lovchidan emas, balki to‘lov summasidan chegirib qolish yo‘li bilan undirilishi belgilangandi.

Bunda, vositachilik haqi miqdori to‘lov summasining bir foizigacha, biroq jami summasi Markaziy bank tomonidan belgilanadigan chegaraviy miqdorlardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda bo‘ladi.

Loyihada komissiyaning maksimal miqdorini to‘lov miqdoridan qat’i nazar, 1-maydan boshlab, BHMning 20%i darajasida belgilash taklif etilmoqda. (Shu kundan boshlab u 66 ming so‘mni tashkil qiladi).

Mazkur tartib quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • barcha turdagi davlat boji va ma’muriy jarimalar bo‘yicha to‘lovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlariga to‘lovlar;
  • maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim, qayta tayyorlov, malaka oshirish hamda sog‘liqni saqlash muassasalariga to‘lovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish bo‘yicha undiriladigan to‘lovlar;
  • “E-auksion” elektron savdo platformasi va “K-Savdo” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga to‘lovlar;
  • avia, temir yo‘l va boshqa jamoat transportlariga chiptalarni xarid qilishdagi to‘lovlar.

Masalan, hozir OTMda iqtisodiyot yo‘nalishida kontrakt bo‘yicha o‘qish uchun to‘lov narxi yiliga 129 930 so‘m va bank komissiyasi 1%ni tashkil etganda qo‘shimcha to‘lov 91 299,3 so‘m bo‘ladi. Limitning joriy etilishi esa 25 299,3 so‘mni tejash imkonini beradi.

Qaror loyihasi bilan havola orqali tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar 2-maygacha qabul qilinadi.


Hukumatning “Akademik litseylarga o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilish, o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlatish tartibini takomillashtirish haqida"gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.