“IMPACT.T technology hub” kovorking markazida “Kanadada biznes yuritish: Startap vizasi va boshqalar” mavzusida startap uchrashuv o‘tkaziladi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Spiker “Sobirovs Law Firm” yuridik firmasi asoschisi va Kanada biznes immigratsiyasi bo‘yicha ekspert Rahmad Sobirov.
uchrashuvda beshtagacha bo‘lgan startap asoschi hamkorlarni qanday Kanadaga ko‘chirish, biznesni Kanadaga relokatsiya qilishga yordam berish va mamlakatda doimiy yashash statusiga ega bo‘lish tajribalari haqida so‘z yuritiladi.
Shuningdek, ishtirokchilar Kanadaning “Start-Up Visa Program” biznes immigratsiya dasturi haqida bilib olishadi.
Bu dastur xorijiy tadbirkorlarga Kanadada doimiy yashash statusini qo‘lga kiritish va o‘zlarining innovatsion startaplari yoki mavjud xorijiy kompaniyalarini Shimoliy Amerika bozoriga olib chiqish imkonini beradi.
Uchrashuv 25-aprel kuni soat 18:30 da bo‘lib otadi va unda qatnashish bepul. Dastur ingliz, o‘zbek va rus tillarida olib boriladi.
Ishtirokchilar o‘z startapini yangi bosqichga olib chiqish va Shimoliy Amerika bozoriga kirishni o‘rganishi mumkin.
Shuningdek, ishtirokchilar bilan savol-javob sessiyasi va kofe-breyk bo‘lib o‘tadi.
Kompaniya haqida
“Sobirovs” — Kanadaning Toronto shahrida joylashgan biznes immigratsiya bo‘yicha yuridik firma bo‘lib, “The Legal500” — yuridik, tadqiqot va nashriyot kompaniyasi tomonidan tan olingan.
Bu yuridik firma butun dunyo bo‘ylab ko‘plab kompaniyalar, tadbirkorlar, startaplar va investorlarga Kanadaga ko‘chib o‘tish, faoliyatini kengaytirish va muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi.
“Sobirovs law firm” 2012-yilda o‘zbek-kanadalik muhojirlar tomonidan tashkil etilgan va shu vaqtdan beri Kanadadagi biznes immigratsiya sohasiga ixtisoslashgan yuridik firma hisoblanadi.
Ularning xizmatlari xorijiy biznes egalari, tadbirkorlar, investorlar va ularning oila a’zolariga strategik immigratsiya yechimlarini taqdim etishga mo‘ljallangan.
Spiker haqida
Rahmad Sobirov — Kanadaning Toronto shahrida yashovchi kanadalik biznes immigratsiya bo‘yicha yurist. U 2005-yilda Kanadada joylashishdan oldin turli mamlakatlarda o‘qib, yashab, ishlagan.