Fevral oyida prezident sovrini uchun umumiy jamg‘armasi $1 mln.ni tashkil etuvchi “President Tech Award” tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Undan keyin, “IT Park” direktori Farhod Ibragimov “President Tech Award” tanlovi bo‘yicha izoh berib, loyihalarni baholashga xorijdan kompaniya jalb qilinishini ma’lum qildi.
Texnopark tanlovni o‘tkazish jarayoni, startaplarni kim baholashi va sovrin jamg‘armasi qay tarzda taqsimlanishi haqida tushuntirdi.
“President Tech Award"ning barcha bosqichlari “mGovAward” va boshqa xalqaro tanlovlar misolida ishlab chiqilgan.
Tanlov raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarini aniqlashga qaratilgan hamda asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linadi.
Asosiy yo‘nalishlar quyidagicha:
- sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar;
- ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar;
- axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi texnologiyalar;
- tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar;
- kompyuter va mobil o‘yinlar.
72 soat ichida raqamli yechim yaratishni nazarda tutuvchi Xakaton Gran-prisi esa maxsus yo‘nalishga aylanadi.
Tanlovning barcha bosqichlari maxsus portal o‘tkaziladi va unda OneID orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi. Saytda tanlov haqidagi barcha ma’lumotlar joylashtiriladi.
Ishtirokchilar ushbu platforma orqali “President Tech Award” tashkilotchilari bilan ham o‘zaro aloqada bo‘lishadi.
Portalda ishtirokchilar jamoa bo‘lib to‘planishlari, o‘z yo‘nalishini tanlashlari va ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, keyingi bosqichga o‘tish yoki o‘tmaslik haqidagi ma’lumotlar ham maxsus platforma orqali yuboriladi.
Loyihalarni baholash jarayoni
Tanlovning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar ommaviy ovoz berish yo‘li bilan, xakaton (maxsus yo‘nalish) g‘oliblari esa mustaqil kompaniya tomonidan aniqlanadi.
Ya’ni barcha baholash jarayoni tender orqali tanlab olinadigan maxsus mustaqil kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
U startaplar, venchur fondlari bilan ishlash, biznesni rivojlantirish, texnik jarayon, IT sohasida ishlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Kompaniya startap-sanoat bilan bog‘liq bo‘lgan turli soha mutaxassislari va ekspertlarni jalb etib, hakamlar loyihalarni xolis va adolatli baholashini ta’minlaydi. Ovoz berish ham portalda bo‘lib o‘tadi.
Birinchi bosqich onlayn tarzda, jamoalar ishtirokisiz, faqat to‘ldirilgan arizalar asosida o‘tkaziladi.
Har bir asosiy yo‘nalish bo‘yicha 10 ta eng yaxshi loyiha aniqlanib olinadi.
Jami 50 ta loyiha keyingi bosqich — “Demo Day"ga o‘tadi va unda jamoalar o‘z loyihalarini bir necha kun davomida mutaxassislarga oflayn tarzda taqdim etishadi.
“Demo Day"da maxsus yo‘nalish — xakaton o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunda ishtirokchilar 72 soat ichida ma’lum muammoni yechishga qaratilgan mahsulotni ishlab chiqishlari kerak bo‘ladi.
Tanlov ishtirokchilariga bir vaqtning o‘zida asosiy yo‘nalishlardan birida va xakatonda ishtirok etishga ruxsat beriladi.
G‘oliblarni taqdirlash
Tanlov asosiy va maxsus yo‘nalishlarga bo‘linib, umumiy sovrin jamg‘armasi $1 mln.ni tashkil etadi.
Xakatonda faqat bitta g‘olib jamoa aniqlanadi va pul mukofoti — $100 ming ajratiladi.
Asosiy yo‘nalishning har bir toifasi bo‘yicha sovrin jamg‘armasi quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-o‘rin — $100 ming;
- 2-o‘rin — $50 ming;
- 3-o‘rin — $30 ming.
Asosiy yo‘nalishlarda jarayon uzoqroq davom etadi. Barcha jamoalar birinchi navbatda e’lon qilingan mukofot jamg‘armasining 50%ini oladi.
Shundan so‘ng, KPI tizimi joriy etiladi va natijalariga ko‘ra 25% miqdorida 2 va 3-transhlar beriladi. Foizlar bir yil ichida to‘lanadi.
Agar jamoa ma’lum natijalarga erisha olmasa va o‘sish kuzatilmasa, keyingi transhlar to‘lanmaydi, chunki tanlov loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan, ya’ni loyihalar va ularni tadbiq etish moliyalashtiriladi.
Nimalar belgilanmoqda?
awards.gov.uz domeni ostidagi maxsus platformani yaratish bo‘yicha ishlar o‘z nihoyasiga yetmoqda. Platformani aprel oyining oxirida ishga tushirish rejalashtirilgan.
“President Tech Award” uchun arizalarni qabul qilish 1-mayda boshlanadi va 1-iyulda tugaydi. Undan keyingi jarayonlar quyidagicha tashkil etiladi:
- arizalarni dastlabki saralash jarayoni — 1-iyuldan 25-iyulgacha
- saralangan loyihalarni onlayn baholash — 5-sentabrdan 5-oktabrgacha;
- oflayn baholash (“Demo day”) — 5-noyabrdan 10-noyabrgacha;
- g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash — 20-noyabrdan 25-dekabrgacha.
Tanlovda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, asosiy yo‘nalishlarda faqat o‘zbekistonliklar ishtirok etishi mumkin.
Maxsus (xakaton) yo‘nalishda esa “IT Park"ning rezident kompaniyalari xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham qatnashishi mumkin.