10−16 aprel kunlari O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi tomonidan birja savdolari orqali jami 1,9 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘tgan hafta mobaynida birja savdolarida 104 270 tonna sement sotildi hamda O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 20,9 ming tonnani tashkil qildi.
Sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 646,2 ming so‘mdan 643,4 ming so‘mgacha pasaygan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 220 ta xaridor ishtirok etgan.
Bu davrda birja savdosiga 6 843 tonna suyultirilgan gaz qo‘yilib, shundan 6 305 tonnasi — 92,1% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 175 ta xaridor ishtirok etdi.
Suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 022,2 ming so‘mdan 3 916,4 ming so‘mgacha pasaygan.
Shuningdek, birja savdolariga 13 276 tonna shrot qo‘yildi va uning 3 860 tonnasi, ya’ni 29,1% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 30 ta xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shrot bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 176,2 ming so‘mdan 3 830,4 ming so‘mgacha, pasaydi. Shrotning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 772 tonnani tashkil etdi.