Hukumat tomonidan joriy yilda shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlar faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Xususan, mahalliy shakar zavodlari shakar xomashyosini jahon birja kotirovkalariga nisbatan arzon narxlarda Braziliyadan xarid qilmoqda.

15-aprel holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.

Shundan, yaqin orada omborga 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi. Iyun oyigacha esa 271 ming tonna xomashyo yetkazib berish belgilangan.

Ichki bozorni shakar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Birinchi bosqichida 1-maygacha shakar ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25%ga oshirish, natijada sutkasiga 2,5 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Bunda, yillik shakar ishlab chiqarish 600 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Shuningdek, aholini yetarli miqdorda va maqbul narxlarda shakar hamda un mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha hukumat tomonidan zarur choralar ko‘rilgani haqida ta’kidlangan.

Bundan tashqari, qo‘mita shakar narxlariga to‘xtalib o‘tgan. Xususan, bugungi kunda shakar 11 500 — 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 — 15 000 so‘mgacha realizatsiya qilinmoqda.

Aholining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tn) ta’minlash uchun zarur darajada (1 mln tn) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deyiladi xabarda.

2022-yilning iyun oyida shakar narxi, asosan, tashqi omillar taʼsirida oʻsishi kuzatilgani haqida ma’lum qilingandi.