“IT Park” “Green White Solutions” kompaniyasi bilan birga o‘qituvchilar uchun dasturlash texnikasi bo‘yicha treninglarga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda texnopark matbuot xizmati xabar berdi.
“ToT” (o‘qituvchilar uchun treninglar) vazifasi o‘qituvchilarga dasturlash bo‘yicha treninglarni o‘tkazish metodikasini va texnikasini o‘rgatishdan iborat.
Loyiha bu orqali IT-ta'limi uchun zarur bo‘lgan malakali o‘qituvchilarni tayyorlashni maqsad qilgan.
O‘qish davomiyligi 7 oy bo‘lib, onlayn va oflayn shaklda o‘tkaziladi hamda darslar o‘zbek tilida olib boriladi.
Ishtirokchilarni tanlash tanlov asosida amalga oshirilib, jarayon 2 bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda matematika va ingliz tili bo‘yicha test o‘tkaziladi.
Undan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilar ikkinchi bosqichga qabul qilinadi hamda unda mutaxassislar bilan suhbatdan o‘tishadi.
Ishtirokchilar soni cheklangan bo‘lib, ikkinchi bosqich yakunida har bir hududdan 3 nafardan eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlar saralab olinadi.
Muvaffaqiyatli o‘qib, yakuniy imtihonni topshirgan eng yaxshi ishtirokchilar “Green White Solutions” kompaniyasiga ishga qabul qilinadi.
Shuningdek, ishga qabul qilingan ishtirokchi o‘rgangan ko‘nikmalaridan foydalanib, o‘z hududida kamida 7 oy davomida o‘quvchilarni o‘qitishi kerak.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar:
- oliy ma’lumot;
- ingliz tilini bilish (Intermediate va undan yuqori);
- matematikani bilish (maktab kursi);
- pedagogik tajriba;
- dasturlashni bilish afzallik bo‘ladi.
Arizalar 22-aprelgacha havola orqali jo‘natish kerak. Dasturda ishtirok etish bepul.
Avvalroq 27-aprel kuni GitHub bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.