Shavkat Mirziyoyev kuni suv xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda suv xo‘jaligidagi suv yo‘qotilishi, nasos stantsiyalarining energiya iste’moli ko‘pligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar bilan bog‘liq masalalar tahlil qilindi.

Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida, tajriba tariqasida, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish mo‘ljallanmoqda.

Davlat rahbari ushbu loyiha tashabbuskorining takliflarini eshitib, uni qo‘llab-quvvatladi.

Bunday ishlarni suv yetkazib berish xarajatlari eng yuqori bo‘lgan Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Bunga ilm bilan yondashib, loyiha xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Nasos stantsiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunga Toshkent Irrigatsiya instituti olimlari jalb qilinib, samarali loyihalarga qulay shartlarda kreditlar beriladi.

Prezident sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.

Bunday loyihalar uchun $100 mln jalb qilinib, ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o‘zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.

Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15%i lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 mln kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi.

Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

So‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan.

Bunday texnologiyalarni yanada rag‘batlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 mln so‘mdan 8 mln so‘mga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17% etib belgilandi.

Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi.

“Agrobank” huzurida suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.